O‘zbekiston – Malayziya: o‘zaro manfaatli hamkorlikning yangi bosqichi
Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning O‘zbekistonga tashrifi arafasida mamlakatimizning Kuala-Lumpur shahridagi elchisi Karomiddin Gadoyev ikki davlat o‘rtasidagi munosabatning bugungi holati va istiqboli haqida fikr bildirdi:
– O‘zbekiston va Malayziya keng qamrovli muloqotni jadal va samarali rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning O‘zbekistonga tashrifi esa turli sohadagi hamkorlikni faollashtirish, ustuvor yo‘nalishlarda yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirishga qaratilgan. Oradagi masofaga qaramay, mamlakatlarimizni tarixiy rishta, madaniy va diniy o‘xshashlik, an’analar yaqinligi, bag‘rikenglik kabi umumiy qadriyatlar bog‘lab turadi.
Bu yil rasmiy Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 32 yil to‘ldi. Malayziya 1992 yil 1 yanvarda O‘zbekiston mustaqilligini Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlardan birinchi bo‘lib tan olgan.
1992 va 2005 yillarda Malayziyaga, 1993-2008 yillarda O‘zbekistonga oliy darajadagi rasmiy tashriflar uyushtirilib, do‘stona munosabat, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga poydevor qo‘yildi. Tashriflar davomida qator istiqbolli sohalarda hukumatlararo hujjatlar imzolangandi. 2003 yil Malayziya Podshohi Sayid Sirojuddin O‘zbekistonga tashrif buyurgan.
So‘nggi yillarda o‘zaro munosabat sezilarli darajada mustahkamlanib, ko‘plab ijobiy natijalarga erishildi. Siyosiy muloqot faollashdi, tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini faol qo‘llab-quvvatlamoqda, o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqa taraqqiy etayapti.
2024 yil 1 dekabr kuni Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Malayziya Podshohi Sulton Abdulloh Rioyatuddin Al-Mustafo Billoh Shoh uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ushbu oliy darajadagi muloqot natijasi ikki tomonlama munosabatni rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berdi.
Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi idoralaridagi do‘stlik guruhlari faoliyati doirasida parlamentlararo aloqa muvaffaqiyatli rivoj topmoqda. 2023 va 2024 yillarda tashqi ishlar vazirlari o‘zaro tashrif almashdilar. Shu yil fevral oyida Kuala-Lumpurda O‘zbekiston – Malayziya biznes-forumi o‘tkazildi.
2023 yil oktyabr oyida Malayziya turizm, san’at va madaniyat vaziri Tiong King Sing boshchiligidagi delegatsiya Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan UNWTO Bosh Assambleyasida ishtirok etdi, mazkur forum davomida turizm sohasida hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo anglashuv memorandumi imzolandi.
O‘zbekiston va Malayziya tashqi siyosat idoralari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuv o‘zaro munosabatni rivojlantirishning muhim mexanizmi hisoblanadi. Muloqotning beshinchi davrasi 2022 yil mart oyida Putrajaya shahrida vazir o‘rinbosarlari darajasida o‘tdi. Navbatdagi davrani joriy yil Toshkentda o‘tkazish rejalashtirilgan.
Malayziya O‘zbekistonning ASYeAN davlatlari orasidagi muhim savdo sherigi hisoblanadi. 2023 yil tovar ayirboshlash miqdori 2017 yilga nisbatan 3 barobar oshib, 190 million dollarni tashkil qildi. O‘zbekiston Malayziyaga kimyo, oziq-ovqat, to‘qimachilik mahsulotlari va meva eksport qiladi.
Malayziyaning asosiy eksporti mashina va transport uskunalari, oziq-ovqat va kimyo mahsulotlaridan iborat.
So‘nggi yillarda malayziyalik investorlarning yurtimizga qiziqishi ortmoqda. Hozir diyorimizda Malayziya kapitali ishtirokida 33 korxona faoliyat ko‘rsatyapti, 16 tasi 100 foiz xorij kapitali asosida ishlaydi.
O‘zbekiston strategik joylashuvi, rivojlangan transport infratuzilmasi va qo‘shni davlatlar bilan mavjud erkin savdo shartnomalari tufayli Malayziya biznesining 80 million aholiga ega Markaziy Osiyo bozoriga kirishi uchun muhim markaz vazifasini o‘tashi mumkin.
O‘z navbatida, Malayziya o‘zbek biznesi uchun Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari bozoriga muhim ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi. Shu nuqtai nazardan transport aloqasi masalasi alohida e’tiborga loyiq.
Bugungi kunda Toshkent va Kuala-Lumpur o‘rtasida “Uzbekistan Airways” milliy aviakompaniyasi va “Batik Air Malaysia” aviatashuvchisi tomonidan haftasiga 4 ta reys amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga mamlakatlarimiz Markaziy Osiyo va Malayziya o‘rtasida muqobil transport va logistika yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor.
Ta’lim – sheriklikning yana bir muhim sohasi. Xususan, ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari va ilmiy muassasalari qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida samarali hamkorlik qilmoqda.
Bosh vazir Anvar Ibrohim yurtimizga ilk bor tashrif buyurmoqda. Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar o‘rtadagi iliq, do‘stona aloqani yangi bosqichga ko‘tarish, birinchi navbatda savdo-iqtisodiy sohada foydalanilmagan salohiyatni yuzaga chiqarishga xizmat qilishi shubhasiz.
Tashrif doirasida qator ikki tomonlama hukumatlararo hujjatlar, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy shartnomalar imzolanishi kutilyapti.
Bugungi kunda xalqaro diplomatiya va turizm markazi sifatida shuhrat qozongan qadimiy Samarqand shahri navbatdagi O‘zbekiston – Malayziya biznes-forumiga mezbonlik qiladi. Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va aholi turmush sifatini oshirish bo‘yicha “Malayziya ma’dani” konsepsiyasi “O‘zbekiston-2030” strategiyasi bilan hamohang ekani ramziy ma’noga ega. Bu ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va chuqur tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishda ijobiy tajriba almashish uchun keng imkoniyat ochmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida integratsiya jarayonini rivojlantirish, balki butun mintaqa va xorijiy hamkorlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatning yangi formatini shakllantirishda ham faol rol o‘ynamoqda. O‘z navbatida, Malayziya Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN) asoschilaridan biri sifatida mintaqaviy integratsiya jarayonini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Ishonchim komilki, Toshkentdagi bo‘lajak oliy darajadagi muloqot bizga “Markaziy Osiyo – ASEAN” formatida yangi hamkorlik platformasi yaratish imkonini beradi.
Shubhasiz, Bosh vazirning rasmiy tashrifi ko‘p asrlik do‘stlik, o‘zaro ishonch va anglashuvning mustahkam poydevoriga asoslangan O‘zbekiston – Malayziya hamkorligini siyosat, xavfsizlik, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport, atrof-muhit muhofazasi, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va xalq diplomatiyasi sohalarida sezilarli darajada faollashtirishga xizmat qiladi.
Anvar Ibrohim boshchiligidagi delegatsiya Samarqand va Buxoro kabi dunyoga mashhur tarixiy shaharlarning diqqatga sazovor joylari bilan ham yaqindan tanishadi.
O‘zA