O‘zbekiston madaniyati – Koreyada
Joriy yilning 14–21-sentabr kunlari Koreya Respublikasining Kochxan, Boryon, Seul, Chonju, Andon va Sunchxon shaharlarida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlari bo‘lib o‘tadi.
Dastur doirasida 14-sentabr kuni Kochxanda “Gochang Cultural Center” majmuasida, 15-sentabrda Boryon shahridagi “Boryeong Culture and Arts Center” majmuasida “O‘zbek madaniyat fasllari” simfonik konsert dasturi, 16-17-sentabr kunlari Seulda “Sejong Art Center”ning “Grand Theater” konsert zalida “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ning tantanali ochilish marosimi va konsert dasturi , “O‘zbek madaniyat fasllari” foto va milliy liboslar ko‘rgazmasi, shuningdek, “O‘zbekiston va Koreya madaniyat sohasining yangi bosqichlari” mavzusida madaniyat vazirlarining hamkorlik uchrashuvi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga 18-sentabr kuni Chonjudagi “Korean Traditional Music Center” majmuasida, 19-sentabr kuni Andondagi “Andong Art Center” majmuasida “O‘zbek madaniyat fasllari” simfonik konsert dasturi, 21-sentabr kuni Sunchxondagi “Suncheon Cultural Center” majmuasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ning tantanali yopilish marosimi va konsert dasturi bo‘lib o‘tadi.
“O‘zbekiston madaniyati kunlari” tadbirlarida O‘zbekiston Respublikasining taniqli san’atkorlari Koreya Respublikasi sahnalarida o‘zbek madaniyati va san’atini namoyish etishadi.
Madaniy dasturlarda O‘zbekiston xalq artistlari Ozodbek Nazarbekov, Zulayho Boyxonova, Kamoliddin O‘rinboyev va Aygul Nodirova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Ozoda Nursaidova, Munisa Rizayeva, shuningdek, taniqli xonandalar Hulkar Abdullayeva, Jasmin va Ulug‘bek Yo‘lchiyev ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, tadbirlarda O‘zbekiston davlat simfonik orkestri, “Navbahor” raqs ansambli, maqom va opera san’ati xonandalari, milliy hunarmandchilik va ko‘rgazma ustalari ham qatnashadi.
“O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida o‘zbek simfonik musiqasi, milliy raqs, maqom va opera san’ati, zamonaviy estrada, milliy liboslar va hunarmandchilik namunalari Koreya jamoatchiligiga taqdim etiladi.
Mazkur tadbirlar O‘zbekiston va Koreya Respublikalari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish, ijodiy aloqalarni mustahkamlash, milliy san’atimizni xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish hamda ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA