O‘zbekiston kubogi iqtidorli voleybolchilarni kashf etadi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” o‘yin sport turlari majmuasida voleybol bo‘yicha U18 yosh toifasi jamoalari o‘rtasida o‘tayotgan O‘zbekiston kubogining birinchi kungi bahslari ortda qoldi.
Qiziqarli kechgan o‘smir-yoshlar musobaqalarida quyidagi natijalar qayd etildi:
Surxondaryo-Farg‘ona-3:1, Navoiy-Jizzax-3:0, Qoraqalpog‘iston Respublikasi-Namangan-3:0, Buxoro-Samarqand-0:3, Qashqadaryo-Sirdaryo-3:2, Andijon-Toshkent viloyati-2:3.
O‘smir qizlar jamoalari bahslarida hisob-kitoblar yanada qiziqarli ko‘rinishni oldi:
Andijon-Jizzax-2:3, Samarqand-Farg‘ona-0:3, Surxondaryo-Navoiy-3:1, Namangan-Xorazm-0:3, Toshkent viloyati- Sirdaryo-3:0.
Ortda qolgan o‘yinlar sarhisobiga e’tibor qaratsak, O‘zbekiston kubogi uchun o‘g‘il bolalar jamoalari o‘rtasida g‘oliblikka erishgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo, Toshkent viloyati jamoalari asosiy da’vogar ekanini namoyish etdi.
Qizlar jamoalari orasida esa Jizzax, Farg‘ona, Surxondaryo, Xorazm va Toshkent viloyati voleybolchi qizlari g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilishga asosiy nomzod ekanini amalda ko‘rsatishdi.
—O‘zbekiston kubogi musobaqalari iqtidorli voleybolchi yoshlarni kashf etishga qaratilgan bo‘lib, musobaqalarni bevosita milliy terma jamoa murabbiylari, xorijiy mamlakatlardan terma jamoalarimizga jalb etilgan xalqaro mutaxassislar kuzatib borishmoqda. Musobaqalarni boshqarib borishda 20 nafarga yaqin hakamlar, texnik xodimlar jalb etildi. Ushbu musobaqa 2026-yilgi O‘zbekiston kubogi sohiblarini aniqlash bilan bir qatorda joylarda voleybol sport turining rivojlanish holatini monitoring qilish, hududlardagi murabbiylarning ish uslubiga baho berish imkonini taqdim etishi bilan ahamiyatli, — deydi O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Farhod Alimov.
Bugun, 14-avgust kuni O‘zbekiston kubogi o‘yinlarining ikkinchi kungi musobaqalari o‘g‘il bolalar bahslarida Toshkent shahri - Surxondaryo, Xorazm - Navoiy, Namangan - Sirdaryo, Samarqand - Toshkent viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi - Qashqadaryo, Buxoro - Andijon jamoalari kuch sinashsa, qizlar o‘rtasidagi o‘yinlarda Namangan - Sirdaryo, Toshkent - Samarqand, Qoraqalpog‘iston Respublikasi - Andijon, Buxoro - Surxondaryo, Xorazm - Toshkent viloyati jamoalari to‘qnash keladi.
O‘yinlar 18-avgustga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov (surat),
O‘zA