O‘zbekiston kubogi finalchilari aniqlandi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston kubogining yarim final bosqichida «Paxtakor» – «Navbahor», «Andijon» – «Surxon» klublari o‘zaro to‘qnash keldi.
Toshkentdagi «Jar» stadionida o‘tgan «Paxtakor» va «Navbahor» jamoalari o‘rtasidagi bahs keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tdi. Biroq o‘yinning asosiy va qo‘shimcha daqiqalarida hisob ochilmadi. Final yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun har ikki jamoa penaltilar seriyasida raqobatlashdi. Unda «Navbahor» 4:3 hisobida g‘alaba qozondi.

Andijondagi «Bobur arena» stadionida tashkil etilgan «Andijon» va «Surxon» o‘rtasidagi uchrashuvda ham shunday ssenariy takrorlandi. Ya’ni, bu o‘yinda ham g‘olib jamoa penaltida aniqlandi. Futbol lotoreyasidan «Andijon» 5:4 hisobida zafar quchdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston kubogining hal qiluvchi finalida «Navbahor» va «Andijon» jamoalari bosh sovrinni qo‘lga kiritish uchun 5 oktyabr kuni Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida o‘zaro kurash olib boradi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA