O‘zbekiston kubogi buxoroliklarga nasib etdi
Buxoro shahridagi “Sitora” sport majmuasida chim ustida xokkey bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi musobaqasining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi, deya xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.
Besh kun davom etgan qiziqarli musobaqalarda Andijon, Namangan, Samarqand, Xorazm, Farg‘ona hamda Buxoro viloyatlari jamoalari ishtirok etishdi.
O‘zbekiston kubogiga ega bo‘lish uchun asosiy bahslar Buxoro va Samarqand viloyatlari chim ustida xokkey jamoalari o‘rtasida kechdi. O‘z uyingda devorlar ham suyaydi tarzida o‘tgan murosasiz o‘yinlarning barchasini g‘alaba bilan yakunlagan buxorolik qizlar jamoasi 15 ochko jamg‘argan holda 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi va mamlakat kubogi sohibiga aylandi.

Samarqand qizlar jamoasi esa 12 ochko bilan 2-o‘rinni egalladi. Kubok o‘yinlarining yakuniga ko‘ra, Xorazm va Farg‘ona viloyatlari jamoalari 9 ochkodan jamg‘arishdi. Biroq xorazmliklar to‘plar nisbatidagi ustunlik evaziga 3-o‘ringa musharraf bo‘lishdi.
O‘zbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi mutaxassislarining fikricha, ushbu kubok o‘yinlari davomida o‘z iqtidorini namoyish qilgan bir qator mahoratli sportchilar xalqaro musobaqalarda Vatanimiz sharafini himoya qiladigan O‘zbekiston terma jamoasiga jalb etiladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA