
Koreya O‘zbekistonning Osiyo -Tinch okeani mintaqasidagi yetakchi savdo - iqtisodiy sheriklaridan biridir. Shu nuqtai nazardan o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish ustuvor vazifalardan hisoblanadi.
Keyingi besh yilda tovar aylanmasi ikki baravar oshdi. 2022 yilda tovar ayirboshlash hajmi 23,3 foizga o‘sdi va 2,34 milliard dollarni tashkil qildi. 2025 yilga borib mazkur ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Bu raqamlar Koreya Respublikasida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayevaning Koreya Milliy Assambleyasi Spikeri Kim Chjin Pxyo bilan muloqotida qayd etildi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik hamda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo - iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy - gumanitar, ayniqsa parlamentlararo aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston va Koreya hududlararo hamkorligini kengaytirish, xususan, mahalliy kengashlar o‘rtasida aniq chora-tadbirlar ko‘rsatib o‘tilgan qo‘shma dasturni qabul qilish orqali deputatlar o‘rtasida yaqin aloqalar o‘rnatish yuzasidan fikr almashildi.
Aniq maqsadlarga, jumladan, ishlab chiqarish korxonalarini zarur infratuzilma bilan ta’minlash, noyob metallarni o‘zlashtirish, shuningdek, yuqori tezlikda harakatlanish imkonini beruvchi yo‘llar barpo etish borasida hamkorlikni kuchaytirishga e’tibor qaratildi.
Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, BMT institutlari va boshqa tuzilmalar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlash, ko‘p qirrali hamkorlikni yangi darajaga olib chiqishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA