O‘zbekiston issiqlik ta’minotida Koreya tajribasidan foydalanmoqda
O‘zbekiston–Janubiy Koreya hamkorligi doirasida issiqlik ta’minotini sun’iy intellekt asosida monitoring qilish markazi ishga tushirildi
Mamlakatimizda markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini kompleks modernizatsiya qilish, energiya va resurs tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish hamda sohani bosqichma-bosqich raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish va zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda «Issiqlikta’minoti» AJ xorijiy kompaniyalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda. Jumladan, jamiyat hamda Koreya Respublikasining kommunal xo‘jalik va «aqlli» boshqaruv texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi Human Shift by Creative Meter Tech (HSCMT) kompaniyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolanib, issiqlik ta’minoti tizimiga sun’iy intellekt va «aqlli» o‘lchov texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha yirik pilot loyiha boshlandi.

–Hamkorlikning muhim amaliy natijalaridan biri sifatida «Issiqlikta’minoti» AJ markaziy apparatida issiqlik ta’minotini sun’iy intellekt asosida monitoring qilish markazi tashkil etildi, – deydi “Issiqlikta’minoti” AJ boshqaruvi raisi Ilhom To‘rayev. – Kelishuvga muvofiq, loyihaning umumiy qiymati 2,3 million AQSH dollarini tashkil etadi. Mazkur mablag‘lar Janubiy Koreya tomonining beg‘araz hamda investitsiya mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilangan. Loyiha doirasida HSCMT kompaniyasi tomonidan issiqlik energiyasi va issiq suv ta’minoti tizimlariga yuqori aniqlikda ishlovchi ultratovushli hisoblagichlar, avtomatik boshqariladigan zulfinlar hamda boshqa zamonaviy uskunalar yetkazib berilib, o‘rnatiladi. Shuningdek, tizimdan kelib tushayotgan ma’lumotlarni chuqur tahlil qilish, issiqlik isrofini aniqlash va ehtimoliy avariya holatlarini oldindan prognozlash imkonini beruvchi sun’iy intellekt asosidagi dasturiy majmua joriy etiladi.

Kelishuv doirasida ikki yil davomida tizimga texnik xizmat ko‘rsatish, uzluksiz monitoringni ta’minlash, shuningdek, mahalliy muhandis-texnik xodimlarning malakasini oshirish va maxsus o‘quv-treninglar o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Loyihani amaliyotga samarali tatbiq etish maqsadida HSCMT mutaxassislari Toshkent viloyatining Olmaliq, Angren va Chirchiq shaharlaridagi markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimlarini o‘rganib chiqdi. O‘rganishlar davomida magistral va ichki issiqlik tarmoqlarining texnik holati, ularning jismoniy eskirish darajasi, gidravlik va issiqlik rejimlari, mavjud boshqaruv hamda dispetcherlik mexanizmlari tahlil qilindi.

Tahlillar asosida sun’iy intellektga asoslangan «aqlli» boshqaruv tizimini sinovdan o‘tkazish uchun Angren shahri pilot hudud sifatida belgilandi. Shu bilan birga, pilot loyiha doirasida Olmaliq, Chirchiq va Angren shaharlarida 10 ta zamonaviy ultratovushli issiq suv hisoblagichi beg‘araz asosda o‘rnatildi. Ushbu qurilmalardan olinayotgan ma’lumotlar real vaqt rejimida markazga uzatilmoqda.
Yangi texnologiyalar issiqlik tarmoqlaridagi nosozliklarni erta aniqlash, avariyalarning oldini olish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va issiqlik yo‘qotishlarini kamaytirishda muhim omil bo‘ladi.

Pilot loyihaning natijalari ijobiy baholangan taqdirda, sun’iy intellekt asosidagi monitoring va boshqaruv tizimini mamlakatning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.
Bu esa issiqlik ta’minoti sohasida yagona raqamli monitoring tizimini shakllantirish, tarmoqlardagi issiqlik isrofini kamaytirish, noqonuniy ulanishlarni aniqlash, avariya holatlariga tezkor munosabat bildirish va xizmatlar sifatini oshirish imkonini beradi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA