O‘zbekiston hududidan gaz tranziti barqaror amalga oshirilmoqda
Bugungi kunda energetika sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va tabiiy resurslar tranzitini barqaror ta’minlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati boshqaruviraisi Abdug‘ani Sanginov va Xitoyning “Tapline” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Chjun Fan o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda bu bo‘yicha fikr almashildi.

Unda tomonlar o‘zaro sheriklikning bugungi holati, erishilgan natijalar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashdi. Ayniqsa, 2008-yilda tashkil etilgan “Asia Trans Gas” qo‘shma korxonasi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, “Tapline” Xitoyning gaz quvurlari sohasidagi yirik va nufuzli kompaniyasi bo‘lib, transmilliy gaz loyihalari, qurilish va tranzit tarmoqlari sohasida faoliyat yuritadi. Uning asosiy vazifasi esa gaz quvurlari orqali uzluksiz va ishonchli tranzitni ta’minlash hamda hamkor davlatlar bilan qo‘shma loyihalarni rivojlantirish.

Ta’kidlanganidek, shu vaqtga qadar O‘zbekiston hududi orqali o‘tuvchi magistral gaz quvurining uchta tarmog‘i bo‘ylab tabiiy gazni uzluksiz va ishonchli tranzit qilish ta’minlanib kelinmoqda. Bu esa ikki tomonlama hamkorlikning samarali yo‘lga qo‘yilgani va amaliy natijalar berayotganini ko‘rsatadi.
Suhbat yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash va qo‘shma loyihalar doirasidagi ishlarda samaradorlikni oshirishda faol qatnashishga tayyor ekanini qayd etdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA