O‘zbekiston haqida uch tilda kitob chop etildi
Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida 30 noyabr kuni “O‘zbekiston strategik yuksalish bo‘sag‘asida” nomli rus, arab va yapon tillarida chop etilgan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Gibrid rejimda tashkil etilgan anjumanda taniqli mahalliy va xorijiy ekspertlar, sharqshunos olimlar, siyosatshunoslar, jumladan, Misr, Isroil, Rossiya Federatsiyasi, AQSH va Fransiya kabi davlatlar mutaxassislari ishtirok etdi.
Mazkur asarda oxirgi besh yilda O‘zbekiston Respublikasi siyosiy-iqtisodiy rivojlanishi jarayonida kuzatilayotgan asosiy tendensiyalar tahlil qilingan. Shuningdek, mamlakatimizning xalqaro maydondagi strategik hamkorligi, mintaqalararo olib borilayotgan pragmatik siyosati va muhim tashabbuslari batafsil yoritilgan. Asarda Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining xalqaro transformatsiyasi, respublikamiz nufuzini oshirish omillari ham tahlil qilingan. O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan aloqalaridagi yangi tendensiyalar mohiyati ochib berilgan, muhim statistik ma’lumotlar keltirilgan.
Misrning “Al-Hivar” siyosiy va media tadqiqot markazi va Yaponiyaning Sukuba universiteti Markaziy Osiyo ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda tayyorlangan kitob taqdimotida so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar munosabatlarining bugungi holati va istiqboliga alohida to‘xtaldi.
– Kitobda buyuk strategik taraqqiyot, davlat va xalq birligi, mustaqil yurt tarixida qoluvchi ulkan o‘zgarishlar, Yangi O‘zbekistonning mintaqaviy diplomatiyasi kabi muhim, qiziqarli mavzularga murojaat qilingan, – dedi asar mualliflaridan biri, “Al-Hivar” siyosiy va media tadqiqotlar markazi direktori Ahmad Tohir.
Ta’kidlanishicha, ayni payt mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari orqali o‘zaro manfaatli munosabatni yanada rivojlantirish, turli sohalarda ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash imkoni kengaymoqda.
– Ishoning, bu kitob mutolaasini sabrsizlik bilan kutyapman, – deydi O‘zbekistondagi “Mintaqaviy muloqot” vakolatxonasi direktori Myusha Sever. – O‘zbekiston ulkan ildamlanish ostonasida turgani bugun hech kimga sir emas. Asarda bu jarayon qanday aks etgani men uchun juda qiziq. To‘g‘risi, bu kitob yana boshqa bir necha tillarda ham nashr etilishini xohlardim.
Tadbirda Yangi O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatidagi ijobiy o‘zgarishlar, xorijiy mamlakatlar bilan munosabatdagi yangi tendensiyalar haqida ham fikr yuritildi.
Kitob mualliflari – Ahmad Tohir, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, siyosiy fanlar nomzodi Sayfiddin Jo‘rayev va siyosiy fanlar doktori, professor Nodir Abdullayev.
Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA muxbiri