O‘zbekiston-Gonkong: hamkorlikning yangi yo‘nalishlari belgilab olindi
Iqtisodiyot va moliya vazirligida Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong Maxsus ma’muriy hududi Adliya kotibi, delegatsiya rahbari Pol Lam bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasidagi iqtisodiy-moliyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish, investitsiyaviy hamkorlik ko‘lamini kengaytirish hamda mamlakat iqtisodiyoti uchun yangi moliyalashtirish manbalarini jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Gonkongning xalqaro moliya sohasidagi ilg‘or tajribasi va zamonaviy moliyaviy instrumentlardan samarali foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildi. Shuningdek, davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, mavjud salohiyatdan iqtisodiy jarayonlarda samarali foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning milliy taraqqiyot ustuvorliklaridan kelib chiqib, muhim investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, ularning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va xalqaro hamkorlik imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha fikr almashildi.
Muloqot davomida iqtisodiy sohalar bilan bir qatorda, turizm, ta’lim va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida ham hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Xususan, mutaxassislar o‘rtasida bilim va tajriba almashish, kadrlar salohiyatini oshirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, moliyaviy va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlash hamda yangi istiqbolli yo‘nalishlarda birgalikda ishlashni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA