O‘zbekiston – Germaniya hamkorligi mustahkamlanmoqda
“BMB HOLDING” Bosh ofisida Germaniya Federativ Respublikasining 1876 yilda tashkil topgan global miqyosda sanoat jihozlarini ishlab chiqaruvchi “AMANDUS KAHL HAMBURG” kompaniyasi va innovatsion sanoat yechimlarini taqdim etuvchi “JET TEAM” konsalting kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida mehmonlarga xolding tarkibidagi korxonalar va ularning imkoniyatlari hamda mahsulotlar assortimenti haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, joriy yil fevral oyi oxiri va mart oyi boshlarida “AMANDUS KAHL HAMBURG” kompaniyasi mutaxassislari xolding tarkibidagi, jumladan, Jizzax viloyati hududidagi korxonalarga kelib, ularning faoliyati va ish jarayonlari bilan tanishgan hamda sublimatsiya, shok va akustik muzlatish jarayonlari bo‘yicha konseptual yechimlar berish bo‘yicha kelishuvga erishilgandi.

Ma’lumot o‘rnida: shok-muzlatish texnologiyasida mahsulotning muzi eriganidan keyin ham o‘z shaklini saqlab qoladi. Mevalarni 10-20 oy davomida past haroratda (–18 –20 darajada) saqlagan taqdirda ham rezavor mevalar sarxilligi va ho‘l mevalar shakli o‘z holatida qoladi.

Sublimatsiya texnologiyasida esa meva-sabzavot, poliz mahsulotlari vakuum ostida, past haroratda sovitilib, quritiladi. Natijada mahsulotning mazasi va foydali elementlari boshqa quritish texnologiyalariga qaraganda yuqori darajada saqlab qolinadi.

Shu boisdan ham jahon bozorida shok-muzlatish va sublimatsiya usulida tayyorlangan mahsulotlarga talab yuqori.
Har tomonlama foydali bo‘lgan uchrashuvda “AMANDUS KAHL HAMBURG” kompaniyasi sanoat uskunalari va jarayonlarini tashkil etishga ixtisoslashtirilgan o‘quv markazida “BMB HOLDING” tarkibidagi korxonalar texnologlarini mahsulotlarni qayta ishlash va chuqur qayta ishlash bo‘yicha malakasini oshirishga taklif etdi.

Uchrashuv so‘nggida ushbu nemis kompaniyasi bilan hamkorlikda xolding tarkibidagi korxonalar tomonidan yetishtiriladigan mahsulotlarni Yevropa ittifoqi mamlakatlariga eksport qilishda hamkorlik qilishga kelishib olindi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri