O‘zbekiston faunasida ilgari uchramagan noyob ko‘rshapalak turi qayd etildi
“Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘i hududida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti olimlari hamda xorijlik olimlar tomonidan mamlakatimiz hududida ilgari uchramagan yangi ko‘rshapalak turi aniqlandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, turkman uzunquloq ko‘rshapalagi (Plecotus turkmenicus) – Markaziy Osiyoda tarqalgan o‘ta noyob va kam o‘rganilgan tur hisoblanadi. Ilgari u faqat 1970-yilgacha bo‘lgan ma’lumotlar hamda muzey eksponatlari orqaligina ma’lum bo‘lib, so‘nggi 55 yil davomida tabiatda deyarli uchramagan edi.

Ushbu tadqiqot IUCN (Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi) tomonidan amalga oshirilayotgan, Germaniya Atrof-muhit vazirligining Xalqaro iqlim tashabbusi (IKI) moliyalashtiradigan “One Health in Nature Conservation” (Tabiatni muhofaza qilishda “Yagona salomatlik”) loyihasi doirasida tashkil etilgan ekspeditsiya chog‘ida amalga oshirildi.
M.Qosimova,
O‘zA