O‘zbekiston ertasi bolalar nigohida
Yurtimiz yoshlarida Vatanimiz tarixi, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ijtimoiy hayot haqidagi tushuncha va bilim-ko‘nikmalarni yanada yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan istiqlolimizning 30 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tanlov ham yoshlarda vatanparvarlik fazilatlarini yanada oshirishga qaratilgan. "Men yurtimni kelajakda qanday tasavvur qilaman?" mavzusidagi respublika onlayn tanlovi yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, milliy an’ana va qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash, yosh ijodkorlarning tasviriy san’atga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, joylarda ijodiy muhit shakllanishiga erishishdek maqsadlarni ko‘zlagan.
Tanlovda umumta’lim maktablari, bolalar musiqa va san’at, tasviriy san’at yo‘nalishida ta’lim olayotgan bolalar qatnashdi.
Ko‘rik-tanlovda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan jami 211 nafar iqtidorli o‘quvchi-yoshlar 292 ta ijodiy ishi bilan ishtirok etdi.
E’tiborga molik jihati, onlayn tanlovda ishtirok etgan barcha bolalar jonajon O‘zbekistonimizning ertangi kunini yorug‘ kelajakka yuz tutgan, fayzli, yanada obod, yuksak taraqqiy etgan, ibratli an’ana va qadriyatlarimizni saqlab qolgan yurt sifatida tasavvur etishi ijodiy ishlar orqali yana bir karra namoyon bo‘ldi.
O‘quvchilarning yosh toifasi bo‘yicha Toshkent shahridagi 264-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi Emiliya Garifullina (9 yosh), Jizzax ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchisi Nozima G‘aniyeva(13 yosh) , Jizzax ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati o‘quvchisi Ruxshona Urdusheva (16 yosh) respublika onlayn ko‘rik-tanlovida birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
N.Usmonova, O‘zA