O‘zbekiston eng yaxshi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda
Tabiatni muhofaza qilish, sanoat ifloslanishini kamaytirish va ekologik nazoratni raqamlashtirish mamlakatimizning ekologik siyosatini barqarorlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Turkiyaning Istanbul shahrida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) hamda Turkiyaning Atrof-muhit, urbanizatsiya va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamkorligida eng yaxshi mavjud texnologiyalarni joriy etish, ekologik tartibga solish tizimini takomillashtirish va tabiatni muhofaza qilish faoliyatini raqamlashtirishga bag‘ishlangan xalqaro tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh direktorining o‘rinbosari Vyacheslav Shi-syan ishtirok etdi.
Joriy yil 8–9-oktabr kunlari o‘tkazilgan IHTTning eng yaxshi mavjud texnologiyalar bo‘yicha ekspertlar guruhining 11-yig‘ilishida davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari hamda soha mutaxassislari qatnashdi.
Muhokamalarda sanoat korxonalari faoliyatining ekologik ta’sirini kamaytirish, atmosferaga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalar va suv havzalariga oqiziladigan oqova suvlar bo‘yicha texnologik asoslangan me’yorlarni belgilash, ekologik ruxsatnomalar berish tartibini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xalqaro tajriba almashinuvi davomida Yevropa Ittifoqining eng yaxshi mavjud texnologiyalar bo‘yicha tarmoq ma’lumotnomalarini ishlab chiqish va kompleks ekologik ruxsatnomalarni qo‘llash amaliyoti taqdim etildi. Janubiy Koreya vakillari esa sanoat korxonalaridan chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdorini prognoz qilish, ekologik monitoring ma’lumotlarini tahlil etish va ruxsat berish jarayonlarini avtomatlashtirishda sun’iy intellekt hamda mashinali o‘qitish texnologiyalaridan foydalanish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Hindistonning ekologik ruxsatnomalarni birxillashtirish, korxonalarga ularning ko‘lami va ekologik xavf darajasiga qarab talablar belgilash amaliyoti ham o‘rganildi. Turkiya tomonidan esa sanoatni modernizatsiya qilish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha tajriba taqdim etildi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar Istanbuldagi chiqindilarni yoqish va sement ishlab chiqarish zavodlariga texnik tashrif buyurib, chiqindilarni qayta ishlash, sanoat gazlarini tozalash, energiya samaradorligini oshirish hamda ishlab chiqarish jarayonlarida ekologik nazoratni tashkil etish texnologiyalari bilan tanishdi.
9-oktabr kuni O‘zbekistonda milliy ekologik tartibga solish tizimini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Xususan, eng yaxshi mavjud texnologiyalar tamoyillarini joriy etish, davlat ekologik ekspertizasini takomillashtirish, ekologik me’yorlashtirishni rivojlantirish, ifloslantiruvchi moddalar chiqindilarini avtomatlashtirilgan tarzda monitoring qilish va ekologik ruxsatnomalar berish jarayonlarini raqamlashtirish masalalari yoritildi.
O‘rganilgan xalqaro tajriba milliy tarmoq ma’lumotnomalarini ishlab chiqish, texnologik jihatdan asoslangan ekologik me’yorlarni joriy etish, loyiha hujjatlarini tahlil qilish va tabiatni muhofaza qilish chora-tadbirlari samaradorligini baholashda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish uchun muhim ahamiyatga ega.
Tadbirning muhim natijalaridan biri IHTT Kotibiyatining 2028-yilda O‘zbekistonda eng yaxshi mavjud texnologiyalar bo‘yicha ekspertlar guruhining navbatdagi uchrashuvini o‘tkazish haqidagi taklifi bo‘ldi.
Mazkur tashabbus xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajriba almashish va sanoatni ekologik modernizatsiya qilish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, O‘zbekistonning ekologik boshqaruv sohasidagi xalqaro jarayonlardagi ishtirokini yanada mustahkamlash imkonini beradi.
Ma’lumotlar Davlat ekologik ekspertizasi matbuot xizmati tomonidan taqdim etildi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA