O‘zbekiston energetika haftaligi: 34 mamlakat vakillari yagona maqsad yo‘lida birlashdi
O‘zbekiston energetika sohasi so‘nggi yillarda keng ko‘lamli islohotlar, yirik investitsiya loyihalari va xalqaro hamkorlikning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tarmoqning transformatsiya jarayonini jadallashtirmoqda.
Bu jarayonda xalqaro muloqot maydonlari, yirik forum va ko‘rgazmalar nafaqat tajriba almashish, balki strategik sherikliklarni mustahkamlash, yangi investitsiyalarni jalb qilish hamda mintaqaviy energetika xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun poytaxtimizdagi “CAEx Uzbekistan” xalqaro ko‘rgazma majmuasida O‘zbekiston energetika haftaligining ochilishi ham shunday ezgu maqsadlarga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Haftalik doirasida “Yangi energetika: innovatsiyalar, barqarorlik va mintaqaviy hamkorlik” mavzusiga bag‘ishlangan O‘zbekiston energetika forumida mutasaddilar, mahalliy va xorijiy ekspertlar, mutaxassislar va hamkorlar ishtirok etdi.
[gallery-29347]
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov, Belarus Respublikasi energetika vaziri Denis Moroz va boshqalar so‘zga chiqib, energetika sohasidagi islohotlar mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi.
Jamshid Xo‘jayevning ta’kidlashicha, bugungi kunda infratuzilma, raqamli texnologiyalar va mintaqaviy hamkorlikka investitsiya kiritish energetika sohasining barqaror rivojlanishi uchun tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Bu yo‘nalishda elektr tarmoqlari va ulanish tizimlari modernizatsiya qilinib, yangilanmoqda. Bugun energetika mamlakatimiz uchun strategik yo‘nalishga aylandi. Shu maqsadda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sohaga xususiy investitsiyalar uchun yo‘l ochildi, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari joriy etildi va shaffof investitsiya muhiti shakllantirildi.
Natijada so‘nggi yillarda energetika sohasiga qariyb 35 milliard AQSH dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritildi, 9 gigavatt yangi quvvatlar ishga tushirildi. Umumiy generatsiya quvvati 25,8 gigavattga yetdi, elektr ishlab chiqarish hajmi esa 60 milliarddan 85 milliard kilovatt soatga oshdi. Shu bilan birga, “yashil” energetika ham rivojlanyapti. Quyosh va shamol quvvatlari 5,5 gigavattdan oshdi, toza energiya ulushi 30 foizga yetdi. Aholi va biznes ob’ektlarida 2 gigavattdan ortiq quyosh panellari o‘rnatildi. Yana bir muhim ustuvor vazifa – mahalliylashtirishni kengaytirish. Bugun energetika sohasi uchun yetkazib berilayotgan mahalliy mahsulot va xizmatlar hajmi sezilarli darajada oshib bormoqda va bu yo‘nalishda katta salohiyat mavjud, – dedi J.Xo‘jayev.
Ishtirokchilar sohadagi dolzarb masalalarni, jumladan, energetik xavfsizlikni ta’minlash, resurslardan samarali foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish va ekologik barqarorlikni kuchaytirish kabi yo‘nalishlarni atroflicha muhokama qildi. Shuningdek, ular ilg‘or texnologiyalar va innovatsion yechimlarni taqdim etish asnosida sohadagi zamonaviy tendensiyalar bilan tanishish, tajriba almashish hamda yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Mazkur muloqotlar doirasida mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, tarmoq infratuzilmasini modernizatsiya qilish va xalqaro sheriklik aloqalarini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Belarus Respublikasi energetika vaziri Denis Morozning so‘zlariga ko‘ra, energetik mustaqillik masalasi ko‘plab mamlakatlar uchun strategik ahamiyatga ega.
– Sanoatlashgan hududlarda energiyaga bo‘lgan talab yuqori bo‘lsa-da, ichki resurslar har doim ham bu ehtiyojni to‘liq qoplay olmaydi. Shu sababli, energetika xavfsizligini ta’minlashda alternativ energiya turlarini rivojlantirish muhim o‘rin tutadi. So‘nggi yillarda dunyo miqyosida “yashil” energetikaga o‘tish jarayoni faollashgan bo‘lsa-da, uning samaradorligi har bir mamlakatning tabiiy-iqlimiy sharoitiga bog‘liq. Quyoshli kunlar soni, shamol rejimi va geografik xususiyatlar kabi omillar qayta tiklanadigan energiya manbalarining rivojlanish imkoniyatlarini belgilab beradi.
Shu nuqtai nazardan, energetika siyosatini shakllantirishda universal yondashuv emas, balki har bir davlatning real resurslari va sharoitlariga moslashgan strategik qarorlar muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi u.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston energetika haftaligi mamlakat energetika sohasining yangi rivojlanish bosqichini namoyon etib, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish uchun muhim muloqot platformasi vazifasiga aylanmoqda. Bu gal unda dunyoning 34 mamlakatidan 580 ta kompaniya va brend, 140 nafar spiker va moderator, shuningdek, 1500 nafardan ortiq delegat ishtirok etayotgani bunga yaqqol misoldir. Forumda bu ko‘rsatkichlar ushbu nufuzli tadbir tarixidagi eng yuqori natija sifatida qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, uch kun davom etadigan ushbu haftalik o‘zida “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2026” 28-xalqaro ko‘rgazmasi, “Energetika, energiya tejash, muqobil energiya manbalari – Power Uzbekistan 2026” 19-xalqaro ko‘rgazmasi, “Yashil energiya tejovchi texnologiyalar – GETCA 2026” ixtisoslashtirilgan bo‘limi, O‘zbekiston energetika forumi, Neft va gaz anjumani, Xalqaro energetika anjumani hamda “Youth Energy Section” yoshlar energetika blokini o‘zida jamlagan.
Muhimi, ushbu yirik maydon energetika sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yangi texnologiyalar almashinuvini kuchaytirish va “yashil” energetika yo‘nalishidagi istiqbolli tashabbuslarni muhokama qilish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Oybek Pardayev (surat),
O‘zA