O‘zbekiston davlat yosh tomoshabinlar teatrida yangi sahna asarining premerasi o‘tkazildi
Mazkur sahna asarida xalq og‘zaki ijodining eng yorqin va sevimli hajviy qahramoni Xo‘ja Nasriddin Afandi obraziga xos jihatlardan foydalanilgan.
Ma’lumki, Nasriddin Afandi – soddalik va topqirlik ramzi. Afandi Sharq xalqlari og‘zaki ijodida mashhur bo‘lgan, zukkolik, hozirjavoblik va xalqchillik timsoli sifatida gavdalangan hajviy qahramondir. U xalq og‘zaki ijodida keng tarqalgan, zukkoligi, hozirjavobligi, o‘tkir hazili va adolatparvarligi bilan ajralib turadi. U o‘zining zukkoligi va dono mulohazalari orqali jamiyatdagi turli illatlar, nokaslik va adolatsizlikni kulgi vositasida fosh etadi.
– Ushbu spektakl teatrimiz repertuari uchun hozirgi zamon tomoshabinlariga yangicha kayfiyat bag‘ishlaydigan, ko‘ngilochar va shu qatorda o‘zgacha uslubdagi sahna asari bo‘ldi, – dedi aktyor va rejissyor Barot Hasanov. – Postanovkachi rejissyor Shuhrat Ibragimov serqirra ijodkorligi va o‘ziga xos uslubi, aktyorlar jamoasi bilan ishlashda ijodkorlar qobiliyatini yanada ochishda mahorat bilan yondashdi. "Nasriddin Afandi" spektakli ommabop sahna asari bo‘ladi, deb bemalol aytish mumkin.

Ushbu spektaklning muallifi va postanovkachi rejissyori – Shuhrat Ibragimov, rassom – Sardor Otaboyev, liboslar bo‘yicha rassom – Yevgeniya Biserova, xoreograf – Malika Iskandarova, musiqa tanlovchi – Bahodir Zokirov.
Sahna asarida rollarni Baxtiyor Turg‘unov, Bahodir Ahmedov, Nargiza Matkarimova, Asqar Hikmatov, Musulmon Yunusov va boshqalar ijro etgan.
Endilikda mazkur spektakl yangi mavsumda repertuarga qabul qilinib, namoyishlari tomoshabinlarga taqdim etiladi.
N.Usmonova, O‘zA