O‘zbekiston boshqirdlari: o‘tmish va bugun
Poytaxtimizda Ahmad Zaki Validiy nomli Toshkent shahri boshqird jamoat-madaniy markazi tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Qayd etish joiz, ushbu jamoa faoliyati boshqird xalqining madaniy merosi, an’analari, urf-odati va ona tilini yanada rivojlantirish, asrab-avaylash, boshqa milliy madaniy markazlar bilan hamkorlik qilish, millatlararo totuvlik, tinchlik va do‘stlik munosabatini mustahkamlashga qaratilgan.

Yubiley dasturining ikkinchi kunida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida “O‘zbekiston boshqirdlari: o‘tmish va bugun” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda boshqird diasporasi vakillarining mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi e’tirof etildi. Markaz faoliyati yuqori baholandi.
Konferensiyada “O‘zbekistondagi boshqirdlar jamoat tashkilotlari faoliyati”, “XX asr boshida O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida boshqird arboblari”, “Ahmad Zaki Validiyning Markaziy Osiyo xalqlari tarixchisi sifatida shakllanishi”, “Tarixdagi boshqird milliy harakati faol ishtirokchilari va ularning O‘zbekistondagi yaqinlari taqdiri”, "Boshqirdlarning fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga qo‘shgan hissasi", “Ahmad Zaki Validiy To‘g‘on ilmiy merosida Amir Temur davri", “Boshqirdlarning O‘zbekiston ijtimoiy-madaniy hayotidagi ishtiroki” “Toshkent shahri boshqird jamoat-madaniy markazi faoliyati", “Turkistonning yangi va yaqin tarixi”, “O‘zbekiston boshqirdlari haqida ba’zi etnografik ma’lumotlar” mavzularida ma’ruza tinglandi.

- bugungi kunda Ahmad Zaki Validiy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va tahlil qilish bo‘yicha qator ilmiy ishlar olib borilmoqda, - dedi Xalqaro islom akademiyasi Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti Mo‘minjon Xo‘jayev. – Tarixchi olimning yetti yuz betdan iborat “Tarixda usul” asari o‘zbek tiliga tarjima qilindi. Qolaversa, 900 betli “Umumturk tarixiga kirish” asari ham o‘zbek tiliga o‘girilib, nashrga topshirildi. Hozir yozuvchining “Tarix falsafasi konsepsiyasi” nomli ilmiy risolasi ustida ishlayapman. Bu asarda ham Validiyning Turkistondagi faoliyati tahlilan o‘rganiladi.

Anjumanda milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari vakillari yurtimizda xukm surayotgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash zarurligi hususida fikr bildirdi.
Kunning ikkinchi yarmida boshqird milliy raqslari va milliy cholg‘u asboblarida kuylash bo‘yicha mahorat darslari tashkil qilindi. Yig‘ilganlar boshqird xalqining boy va betakror milliy madaniyati, urf-odati, an’analari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar.

G.Sattorova, O‘zA