O‘zbekiston – Bolgariya: Vaqt sinovidan o‘tgan do‘stlik va strategik sheriklik
Kecha haqiqatda ajoyib voqea bo‘ldi. Markaziy Osiyodagi yetakchi davlat axborot agentligi hisoblanmish O‘zbekiston Milliy axborot agenligi – O‘zA va Yevropa mintaqasining janubi-sharqiy qismida joylashgan Bolgariyaning BTA axborot agentligi o‘rtasida axborot almashish sohasida memorandum imzolandi.
Mamlakatlarimiz geografik jihatdan bir-biridan uzoq bo‘lsa-da, xalqlarimizni bog‘lab turuvchi madaniy-tarixiy rishtalar, o‘zaro hurmat va hamkorlikka bo‘lgan intilish bizni juda yaqin qiladi. Mushtarak maqsadlar yo‘lida qo‘yilgan ushbu qadam masofalarni qisqartirib, yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Mazkur hujjat shunchaki rasmiy kelishuv emas, balki ikki mintaqa o‘rtasidagi axborot ko‘prigining mustahkam poydevoridir. Endilikda, O‘zbekiston va Bolgariya hayotidagi eng muhim yangiliklar, madaniy va iqtisodiy voqealar vositachilarsiz, xolis va tezkorlik bilan ikki mamlakat auditoriyasiga yetkaziladi. Qolaversa, bugungi globallashuv va soxta xabarlar (fake news) ko‘paygan davrda, ikki yetakchi milliy agentlikning hamkorligi faqatgina rasmiy va ishonchli ma’lumotlar tarqalishini ta’minlaydi.
Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini yanada jonlantirish uchun atoqli bolgar shoiri va yozuvchisi Ivan Vazovning do‘stlik hamda insoniy rishtalar haqidagi quyidagi chuqur ma’noli misralari juda mos keladi:
“Do‘stlik – bu shunday bir muqaddas tuyg‘uki, u masofalarni yo‘qqa chiqaradi, yuraklarni birlashtiradi va eng og‘ir yo‘llarni ham yorug‘ qiladi. Haqiqiy do‘stlik bor joyda hech qachon begonalar bo‘lmaydi”.
Qayd etish joizki, Buyuk Ipak yo‘li asrlar davomida Sharq va G‘arb sivilizatsiyalarini bir-biriga bog‘lab kelgan noyob tarixiy ko‘prik vazifasini o‘tagan. Bu qadimiy savdo va madaniy muloqot yo‘li orqali xalqlar nafaqat mahsulot, balki bilim, madaniyat, an’ana va g‘oyalarni ham o‘zaro baham ko‘rgan. Markaziy Osiyo yuragida joylashgan O‘zbekiston hamda Yevropaning muhim davlatlaridan biri – Bolgariya o‘rtasidagi munosabat ana shu tarixiy muloqot ruhining zamonaviy davomidir.
Bugungi murakkab va tez o‘zgarayotgan xalqaro vaziyatda mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamligi nafaqat iqtisodiy manfaat, balki o‘zaro ishonch, siyosiy muloqot va millatlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlik bilan ham belgilanadi. O‘zbekiston va Bolgariya aloqalari aynan shu jihati bilan ajralib turadi.
Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab O‘zbekiston va Bolgariya siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda mustahkam sheriklik o‘rnatishga alohida e’tibor qaratdi. O‘tgan o‘ttiz yildan ziyod vaqt mobaynida yuqori darajadagi tashriflar, ko‘plab ikki tomonlama kelishuvlar, parlamentlararo muloqot, biznes forumlar, madaniy tadbirlar o‘zaro munosabat barqaror rivojlanishiga xizmat qildi.
Ayniqsa, keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, mamlakatning ochiq va pragmatik tashqi siyosati Yevropa davlatlari bilan hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda. Bolgariya esa Yevropa Ittifoqi a’zosi sifatida Markaziy Osiyo bilan munosabatni izchil kengaytirishga alohida ahamiyat qaratyapti.
O‘zbekiston – Bolgariya hamkorligi tarixiga nazar tashlar ekanmiz, ushbu munosabatlar negizida nafaqat davlatlar o‘rtasidagi rasmiy diplomatik aloqa, balki xalqlar o‘rtasidagi samimiy do‘stlik, madaniy yaqinlik va o‘zaro anglashuv kabi muhim omillar mujassamligini ko‘ramiz.
Mustahkam siyosiy-diplomatik asos
O‘zbekiston – Bolgariya munosabatlari chuqur tarixiy ildizlarga ega. Ekspertlar fikricha, bolgarlarning qadimiy ajdodlari va zamonaviy O‘zbekiston hududidagi ota-bobolarimiz o‘rtasidagi aloqalar Buyuk ipak yo‘li davridan boshlangan. Migratsiya, savdo va madaniy rishtalar bilan uyg‘un bunday yaqinlik o‘zaro manfaatdorlik va hurmatga asoslangan.
Zamonaviy aloqalar tarixi esa Bolgariya Respublikasi O‘zbekiston mustaqilligini 1992-yil 6-yanvarda tan olishi bilan boshlangan. Ko‘p o‘tmay, o‘sha yil 12-sentabrda davlatlarimiz o‘rtasida rasmiy diplomatik aloqa o‘rnatildi. Munosabatlar tizimli va uzluksiz tus olishini ta’minlash maqsadida 1999-yil aprel oyidan buyon Toshkentda Bolgariya elchixonasi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. O‘zbekistonning Bolgariyadagi elchisi qarorgohi esa Anqara shahrida joylashgan bo‘lib, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishda muhim ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.
Ta’kidlash kerak, ikki davlat o‘rtasida yaratilgan mustahkam shartnomaviy-huquqiy asos jami 38 muhim hujjatni o‘z ichiga oladi. Ushbu xalqaro-huquqiy baza siyosiy, iqtisodiy, savdo va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning qonuniy poydevoridir.
Oliy va yuqori darajadagi tashriflar: siyosiy muloqotning yuqori sur’ati
O‘zbekiston – Bolgariya munosabatlarining muhim xususiyati shundaki, ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqot muntazam yuqori va oliy darajadagi uchrashuvlar bilan mustahkamlanmoqda.
So‘nggi yillarda davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi muloqot xalqaro maydonda izchil davom ettirilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 20-sentabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasi doirasida Bolgariya yetakchisi bilan uchrashib, ikki tomonlama aloqalarni tubdan faollashtirish masalalarini muhokama qildi.
Hukumatlararo darajadagi aloqalar ham yuqori sur’atga ega. 2014-yil 6-9-aprel kunlari Bolgariya Bosh vaziri P.Oresharskiy Vetnamga safari chog‘ida Samarqand aeroportida texnik qo‘nib o‘tdi va unga Bosh vazirning 1-o‘rinbosari darajasida yuksak protokol e’tibori ko‘rsatildi.
2025-yil 9-11-iyun kunlari Bolgariya rahbarining yurtimizga tashrifi chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida, jumladan, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi hamda Toshkent va Sofiya shaharlari o‘rtasida sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim almashildi.
Bolgariya BMT va YeXHT doirasida O‘zbekistonning Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarini ma’qullab kelmoqda. Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston-2030” strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi sa’y-harakatini yuqori baholaydi.
Parlamentlararo va idoralararo hamkorlik
Parlamentlararo aloqalar ham izchil rivojlanmoqda. Bolgariya parlamentida “Bolgariya-O‘zbekiston” do‘stlik guruhi faoliyat ko‘rsatyapti. Oliy Majlis palatalari qo‘shma qarori asosida Xalq majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Bolgariya parlamentlararo guruhi tashkil etilgan.
Ushbu hamkorlik doirasida o‘zaro tashriflar amalga oshirilmoqda. Bevosita uchrashuvlar so‘nggi yillarda yanada faollashdi. 2018-yil iyul oyida “Bolgariya-O‘zbekiston” do‘stlik guruhi raisi Adlen Shevked boshchiligidagi delegatsiya yurtimizda bo‘ldi. Noyabr oyida O‘zbekiston-Bolgariya parlamentlararo guruhi delegatsiyasining javob tashrifida Xalq majlisi rahbariyati, Tashqi ishlar, Iqtisodiyot va turizm vazirliklari vakillari, Plovdiv va Karjali shaharlari merlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
2021-yil dekabr oyida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Sofiya shahrida bo‘lib o‘tgan “Demografik o‘zgarishlar sharoitida jamiyatni rivojlantirish yo‘llari” mavzusidagi yuqori darajali vazirlar konferensiyasi ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi.
Ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari muntazam aloqani davom ettirmoqda. Jumladan, o‘zaro maslahatlashuv davomida nafaqat ikki tomonlama muammolar, balki dolzarb xalqaro kun tartibi, jumladan iqlim, raqamli transformatsiya, noxolis axborotga qarshi kurashish va inson huquqi bilan bog‘liq masalalar ham muhokama qilinmoqda.
2023-yil 23-oktabr kuni Lyuksemburgda bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” vazirlari 19-uchrashuvida mamlakatimiz TIV rahbari Baxtiyor Saidov Bolgariya Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Mariya Gabriel bilan uchrashdi.
Xalqaro minbarlardagi hamkorlik xususida gapirganda, O‘zbekiston tomoni Bolgariya vakilasi Irina Bokova nomzodini ikki bor, 2009-2013, 2013-2017-yillarda YUNESKO Bosh direktorligiga faol ma’qullaganini alohida qayd etish lozim.
Iqtisodiy sheriklik: Investitsiya va savdo ufqlari
Mamlakatlarimiz investitsiya salohiyati sheriklik nuqtai nazaridan tobora jozibador tus olmoqda. Respublikamizda iqtisodiyotni liberallashtirish, erkin iqtisodiy zonalarni rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesni faol qo‘llab-quvvatlash bunga mustahkam zamin yaratmoqda.
Har ikki davlat transport-logistika sohasidagi aloqalar, ayniqsa O‘zbekistonni Qora dengiz portlari bilan Kavkaz orqali bog‘laydigan Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishi nuqtai nazaridan rivojlantirishdan manfaatdor. Rivojlangan infratuzilma va logistika markazlariga ega Bolgariya Markaziy Osiyo hamda YeI o‘rtasida tranzit yo‘lagi vazifasini bajara oladi.
Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya 5-yig‘ilishi 2019-yil 11-12-sentabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. Faol sa’y-harakatlar natijasida o‘zaro savdo aylanmasi izchil o‘sib, 2025-yil yakunida 94 million dollarni tashkil etdi. Albatta, bu ko‘rsatkich ikki davlat iqtisodiy salohiyatini to‘liq aks ettirmaydi. Ya’ni, transport-logistika, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik, kimyo sanoati va raqamli iqtisodiyot sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish uchun keng imkoniyat mavjud.
Aytish kerakki, bugungi kunda O‘zbekistonda Bolgariya sarmoyadorlari ishtirokida 30 ga yaqin korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ayniqsa, “Prista Oyl”, “Bulteks”, “Prima tekstil”, “Bolgariya-Sharob” va “Rossi” kabi kompaniyalar o‘zbek bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sanoat va kooperatsiya aloqalarini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Qolaversa, Bolgariyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat sifatidagi tajribasi O‘zbekiston uchun Yevropa bozorlariga chiqish, texnik standart va innovatsion boshqaruv modellarini joriy etish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyatga ega.
Madaniy-gumanitar aloqalar – xalqlarni bog‘lovchi ko‘prik
Xalqlarimizni bog‘lab turuvchi ma’naviy rishtalar ikki tomonlama aloqalarning eng go‘zal sahifasidir. Bugungi kunda O‘zbekistonda mingga yaqin bolgar millatiga mansub aholi vakillari yagona va ahil oila a’zolaridek tinch-totuv yashab kelmoqda. 1998-yil fevral oyida yurtimizda “O‘zbekiston-Bolgariya” do‘stlik jamiyati ta’sis etildi, 1999-yil may oyida esa Bolgariya madaniyat markazi o‘z eshiklarini ochdi. Mazkur majmua rahbari N.Todorov ikki xalq do‘stligini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun 2002-yil O‘zbekiston Respublikasining “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar ham rivojlanmoqda. Xususan, qadimiy va navqiron Buxoro hamda Varna, afsonaviy Samarqand va Plovdiv shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalari o‘rnatilgan bo‘lib, bu shaharlar allaqachon madaniy va sayyohlik almashinuvlari markaziga aylangan.
Madaniyat sohasidagi hamkorlik xalqaro miqyosda ham alohida e’tirofga loyiq. 2018-yil 23-avgust-3-sentabr kunlari Bolgariyaning 6 shahrida o‘tkazilgan xalqaro folklor festivalida dunyoning 72 mamlakatidan kelgan 98 nufuzli jamoa orasida O‘zbekistonning “Maqom” ansambli oliy mukofot – Gran-pri – “Oltin Orfey”ni qo‘lga kiritgani o‘zbek milliy san’atining Bolqon mintaqasidagi yuksak yutug‘idir.
So‘nggi yillarda Toshkent va Samarqandda bolgar filmlari namoyishi, rassomlar ko‘rgazmalari tashkil etildi. Elchixonalar va diaspora tashkilotlari til o‘rganish kurslari ochish, musiqiy kechalar, xalqlarimiz madaniy merosiga bag‘ishlangan davra suhbatlari o‘tkazish orqali ikki davlat madaniyatini keng targ‘ib qilmoqda.
Ta’lim sohasida Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Sofiya kimyo-texnologiya universiteti, Toshkent davlat yuridik instituti va Sofiya universiteti, Samarqand davlat tibbiyot instituti va Sofiya tibbiyot universiteti o‘rtasida hamkorlik shartnomalari tasdiqlangan. Shuningdek, Namangan davlat universiteti va Varna texnika universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Bolgariya Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Diplomatiya instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolangan. Bunday sa’y-harakatlar gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish va ikki davlat yoshlari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. “Erazmus+” dasturi doirasida o‘zbekistonlik talabalarning Bolgariya universitetlari va Fanlar akademiyasida malaka oshirishi, amaliyot o‘tashi yo‘lga qo‘yilgan.
E’tiborlisi, O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning eng teran va doimiy qismini shubhasiz, adabiy aloqalar tashkil etadi. Tillarimiz turli oilalarga mansub bo‘lsa-da, ikki xalq adabiyotidagi insonparvarlik va milliy qadriyatlarni ulug‘lash g‘oyalari bir-biriga juda yaqin.
So‘z san’ati sohasidagi munosabatlar XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab tizimli ravishda rivojlanib, o‘zbek hamda bolgar kitobxonlari bir-birlarining durdona asarlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Xususan, bolgar xalqining milliy qahramoni, otashnafas shoir Xristo Botevning erksevarlik ruhi bilan yo‘g‘rilgan she’rlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, bir necha bor chop etilgan. Bolgar adabiyotining yana bir mumtoz vakili Ivan Vazovning mamlakat tarixi, xalqning ozodlik uchun kurashini aks ettirgan mashhur “Bo‘yintiruv ostida” romani o‘zbek tiliga mahorat bilan tarjima qilingan. Bu asar o‘zbek kitobxonida Bolqon xalqlarining o‘tmishi va ruhiyati haqida to‘laqonli tasavvur uyg‘otadi. Qolaversa, bolgar nasrining yirik vakillari Yelin Pelin va Yemiliyan Stanevlarning go‘zal tabiat tasviri, insoniy tuyg‘ular va falsafiy mushohadalarga boy hikoya va qissalari o‘zbek vaqtli matbuotida va alohida to‘plam holida o‘quvchilarga taqdim etilgan.
Sharq ulamolari va mutafakkirlari qatori ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning ijodi Bolgariyada ilmiy va badiiy jihatdan chuqur o‘rganib kelinmoqda. Shoir g‘azallarining bolgar tiliga tarjimalari xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, G‘afur G‘ulom, Oybek, Zulfiya kabi atoqli o‘zbek adiblarining she’r va dostonlari, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon va keyingi davr yozuvchilarining hikoyalari bolgar tilidagi adabiy almashinuv to‘plamlaridan joy olgan.
Xulosa
Umuman, O‘zbekiston va Bolgariya o‘rtasidagi munosabatlar vaqt sinovidan o‘tgan, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan mustahkam poydevorga ega. Markaziy Osiyo va Bolqon yarim orolining geostrategik tugunlarida joylashgan bu ikki davlat nafaqat ikki tomonlama, balki xalqaro tashkilotlar doirasida ham bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Toshkent va Sofiya sherikligini yanada chuqurlashtirish har ikki tomonning uzoq muddatli milliy manfaatiga to‘liq mos keladi. Tomonlarning mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanishga bo‘lgan intilishi va siyosiy irodasi yaqin kelajakda O‘zbekiston – Bolgariya munosabatlarida yangi, yanada samarali sahifa ochilishidan dalolat beradi.
Abdusaid Ko‘chimov,
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori, senator
Kiril Valchev,
Bolgariyaning BTA axborot agentligi Bosh direktori