O‘zbekiston bojxonasi xalqaro raqamli transformatsiya markaziga aylanishi mumkin
Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov boshchiligidagi delegatsiya Jenevada muhim forumlarda ishtirok etish bilan bir qatorda ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazmoqda.
Jumladan, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi rahbari Tatyana Molchan bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
BMTning besh mintaqaviy komissiyasidan biri hisoblanuvchi ushbu tuzilmaga 56 ta davlat a’zo bo‘lib, ular qatoriga Yevropa, Markaziy Osiyo va Shimoliy Amerika mamlakatlari kiradi.
Bugungi kunda O‘zbekiston Yevropa iqtisodiy komissiyasi bilan BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti uchun maxsus dasturi — “SPECA” doirasida savdo va transport tizimlarini soddalashtirish yo‘nalishida faol hamkorlik qilmoqda.
Dastur doirasida ishtirokchi davlatlarda eTIR tizimini joriy etish, xalqaro yetkazib berish zanjirlarida “UN/CEFACT” standartlarini qo‘llash hamda transport yuk xatlaridan elektron shaklda foydalanish nazarda tutilgan.
Dunyoda birinchi bo‘lib eTIR qo‘llagan holda ilk tashuvni muvaffaqiyatli amalga oshirgan mamlakat sifatida O‘zbekiston tomoni uchrashuvda bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.
Jumladan, Toshkent shahridagi Bojxona instituti bazasida nafaqat eTIR, balki BMTning boshqa raqamli vositalariga o‘tishga bag‘ishlangan o‘quv kurslarini tashkil etish taklif qilindi. Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining davlat va xususiy sektor vakillari uchun BMT, Jahon savdo tashkiloti va Jahon bojxona tashkiloti ekspertlarini jalb etgan holda qo‘shma ta’lim dasturini ishlab chiqish masalasi muhokama qilindi.
O‘z o‘rnida, mazkur tashabbus Molchan xonim tomonidan qo‘llab-quvvatlandi hamda Yevropa komissiyasining Xalqaro savdo markazi “Learning Portal” ta’limiy axborot tizimini Bojxona instituti ta’lim dasturlari bilan integratsiya qilish taklifi bildirildi.
Bu esa tashqi savdo sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning tayyorgarlik darajasi va xabardorligini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.
Shu maqsadda Bojxona qo‘mitasi va Yevropa iqtisodiy komissiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolash taklifi ilgari surildi.
Shuningdek, O‘zbekiston bojxona organlarining transchegaraviy savdo bilan bog‘liq axborot tizimlarini “UN/CEFACT” standartlari va tavsiyalariga muvofiqlashtirish bo‘yicha hamkorlik “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, bu tashabbuslar mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish, shuningdek, savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va tezlashtirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda 2025 yilda O‘zbekiston bojxona organlarida gender tengligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar xalqaro darajada e’tirof etilgani alohida ta’kidlandi. Xususan, Bojxona qo‘mitasi BMT Taraqqiyot dasturining (BMTTD) Gender tengligi kumush belgisi bilan taqdirlandi.
Ushbu yutuq institutsional salohiyatni mustahkamlash, kadrlar siyosatini rivojlantirish hamda erkaklar va ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratishga qaratilgan islohotlarning samaradorligini amalda tasdiqlaydi.
Tomonlar O‘zbekiston bojxona organlarida gender tengligini targ‘ib qilish bo‘yicha xalqaro sheriklar bilan qo‘shma ishlar davom ettirilishini qayd etdi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA