O‘zbekiston-Belarus: ta’lim sohasida hamkorlik
Belarus Respublikasi ta’lim vaziri Igor Karpenko boshchiligidagi delegatsiya Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrif buyurdi.
Belarus Milliy texnika universiteti, Belarus informatika va radioelektronika davlat universiteti, Fransiska Skorina nomidagi Gomelsk davlat universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalari rektor hamda prorektorlaridan iborat delegatsiyani O‘zbekiston Milliy universiteti rektori Inomjon Majidov va soha prorektorlari kutib oldi.
Rektor mehmonlarni universitetga tashrif buyurgani bilan samimiy qutlab, universitet tarixi, tuzilmasi va bugungi kundagi strategik rejalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. O‘z navbatida Belarus Respublikasi ta’lim vaziri Igor Karpenko O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimidagi uzoq yillik hamkorlik, erishilgan yutuqlar va kelgusida hamkorlik tarmoqlarini yanada kengaytirish yo‘lidagi o‘zining aniq va maqsadli takliflarini bildirdi.
Shuningdek, I.V.Karpenko bugungi kunda Belarus Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida tahsil oladigan o‘zbekistonlik yoshlarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqi, qiziqishi va intilishlarini yuksak baholab raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda doimo ochiq ekanligini aytib o‘tdi.

Uchrashuvda tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini tobora kengaytirish, ko‘plab sohalarda shartnomalar imzolash va ularni amalga oshirishda samarali ishlarni olib borish lozimligini ta’kidladilar.
Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan uchrashuvda Belarus Milliy texnika universiteti va Respublika kasb-hunar ta’limi instituti bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.

Unga ko‘ra, 2021-2022 o‘quv yilida «Lazer fizikasi», «Materialshunoslik va materiallar texnologiyasi» (tarmoqlar bo‘yicha) hamda «Qayta tiklanuvchi energiya manbalari va barqaror atrof muhit fizikasi» yo‘nalishlarida 2+2 qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston hamda Belarus Respublikasi bir-biriga muhim va uzoq muddatli hamkor sifatida qarashini, xalqaro hamkorlikni o‘zaro ishonch tamoyillari asosida kengaytirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
O‘zMU Axborot xizmati