O‘zbekiston – baxtiyor bolalar mamlakati
Yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi–2021
Bolalarni yozgi sog‘lomlashtirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar ko‘lami yil sayin takomillashib bormoqda.
Zero, davlat va jamoat tashkilotlarining sa’y-harakatlari hamda imkoniyatlarini yozgi ta’til davrida bolalarni sifatli dam oldirish va sog‘lomlashtirishni ta’minlashga ijtimoiy sheriklik asosida yo‘naltirish amaliyoti boshqa mamlakatlarda uchramaydi.
Keyingi 5 yilda respublikamizda statsionar turdagi 7 ta zamonaviy bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi yangitdan qurilib, foydalanishga topshirildi. Har yili yoz mavsumida 220 dan ortiq statsionar turdagi sog‘lomlashtirish oromgohlari faoliyati muntazam ravishda yo‘lga qo‘yilib, ularda 200 ming nafarga yaqin bola dam oldiriladi.
O‘g‘il-qizlar salomatligini mustahkamlash, ularni ma’nan, jismonan chiniqtirish, mazmunli hordiq chiqarishini hamda bo‘sh vaqtlarini samarali o‘tkazishini ta’minlash maqsadida bugungi kundagi pandemiya sharoitida ham, barcha xavfsizlik choralari ko‘rilgani holda, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda. Albatta, bu jarayon karantin qoidalariga to‘la amal qilingan hamda “Bolalar yozgi oromgohlarining karantin davrida faoliyatini tashkil etish bo‘yicha talablar”ga qat’iy rioya etilgan holda tashkil qilinmoqda.
Ta’kidlash zarurki, joriy yilning 19 may kuni Vazirlar Mahkamasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, Respublika Muvofiqlashtiruvchi guruhi raisi Abdulla Aripov rahbarligida “Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringni ta’minlash bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi guruh majlisi o‘tkazilib, 2021 yilgi bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi. Majlis davomida tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar, mahalliy davlat hokimiyati organlariga mavsumni yuqori saviyada va sifatli o‘tkazish bo‘yicha aniq vazifalar yuklatildi.
Shu o‘rinda aytish joizki, yozgi sog‘lomlashtirish mavsumi davomida bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish yo‘nalishidagi ishlar O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan muvofiqlashtirilgani holda hududlarda bolajonlarning maroqli hordiq chiqarishi va sifatli sog‘lomlashtirilishini ta’minlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Kasaba uyushmalari federatsiyasida Respublika shtabi, Federatsiyaning hududiy Kengashlarida hududiy shtablar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Respublika muvofiqlashtiruvchi guruhi tarkibidagi Ishchi guruhlar hamda hududiy Muvofiqlashtiruvchi guruhlar tomonidan mavsumning borishi doimiy monitoring qilib boriladi.
Mavsumga tayyorgarlik jarayonida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan yoz mavsumi davomida respublika oromgohlarida bolalarni sog‘lomlashtirish va dam oldirish ishlari sifatini yanada oshirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida oromgohlarda ishlovchi xodimlar uchun onlayn o‘quv-uslubiy seminarlar o‘tkazildi.
Mazkur seminarlarda asosiy e’tibor bolalar oromgohlarida faoliyat yurituvchi xodimlar va mutaxassislarning bilim hamda ko‘nikmalarini oshirish masalasiga qaratildi. Ularga sohaga oid yangiliklar yetkazildi.
Kasaba uyushmalari federatsiyasida tuzilgan ishchi guruhlari tomonidan har bir hududda mavsumga tayyorgarlik ishlari chuqur o‘rganilib, mavsum bilan bog‘liq masalalar joyida muhokama etildi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Natijada dolzarb masalalar ijobiy yechim topib, mahalliy hokimliklar va xo‘jalik organlari hamkorligida tizimli tadbirlar amalga oshirildi. Alohida ta’kidlash zarurki, Bolalarning dam olishini tashkil etish va sog‘lomlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish yuzasidan tizimli nazorat va monitoringni ta’minlash bo‘yicha Respublika Muvofiqlashtiruvchi guruhi va uning tarkibidagi Ishchi guruhlari tomonidan oromgohlarda bolalar xavfsizligini ta’minlash, oromgohlarga sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni uzluksiz ravishda yetkazib berish, malakali kadrlarni jalb etish va oromgohlarning moddiy-texnik negizini mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Bolalar xavfsizligini ta’minlash masalasi Respublika Muvofiqlashtiruvchi guruhining doimiy e’tibor va nazoratidadir. Shu maqsadda har bir oromgohda ichki ishlar, yong‘in xavfsizligi, tibbiyot, energetika, kommunal soha xodimlarining tunu kun navbatchiligi o‘rnatilgan. Bolalarni oromgohga olib borish va olib kelish ishlari yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari kuzatuvi ostida amalga oshiriladi. Shuningdek, barcha oromgohlarda yong‘in xavfsizligi choralari ko‘rilib, yong‘in xavfsizligi burchaklari tashkil etildi.
Bolalarning ovqatlanish ratsionini boyitish, ularning salomatligini mustahkamlash borasida ham joriy yilda bir qator yangiliklar joriy qilindi. Xususan, taomnomalarda darmondorilarga boy taomlar, damlama va salatlar turlarini ko‘paytirish ko‘zda tutilgan. Oromgohlarda bolalar salomatligini mustahkamlash masalasiga e’tibor kuchaytirilib, ularning salomatligi doimiy ravishda malakali shifokor va hamshiralar nazoratida bo‘ladi. Shu maqsadda sog‘lomlashtirish maskanlaridagi tibbiyot xonalari barcha zarur tibbiy asbob-uskunalar va jihozlar, dori-darmonlar, maxsus zardob dori vositalari bilan ta’minlanmoqda.
Karantin davrida oromgohlarda bolalar salomatligini muhofaza etish va xavfsizligini ta’minlash maqsadida bolalar yozgi oromgohlari faoliyatini tashkil etish bo‘yicha maxsus talablar ishlab chiqilib, oromgohlar faoliyatiga tatbiq etilishi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, faoliyati yo‘lga qo‘yilgan oromgohlar hududlarida obodonlashtirish, barcha bino va inshootlarni, texnologik uskunalarni ta’mirlash, jumladan, suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini ta’mirlash, modernizatsiya qilish ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Binolarda profilaktik dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya o‘tkazilib, oromgohlarning kirish qismida dez to‘shamalar tashkil etildi. Oromgohlar hududiga oromgoh faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan begona shaxslar va avtomashinalarning kirishi qat’iyan taqiqlanadi. Shuningdek, mavsum boshlangunga qadar oromgohlarni malakali tibbiyot xodimlari, ya’ni, kamida 1 nafar shifokor va 1 nafar hamshira bilan ta’minlash, oziq-ovqat ta’minoti, xavfsizlik, shoshilinch tibbiy yordam chaqirish sxemasini ishlab chiqish choralari ko‘rildi.
Oromgohlarda barcha karantin choralari tashkil etilganidan keyin bolalarni qabul qilish uchun hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazining o‘rganish xulosasiga asosan, viloyat maxsus komissiyasining ruxsati bilangina oromgohlar faoliyat yuritishiga ruxsat beriladi. Shu o‘rinda oromgohlarda dam oluvchi o‘g‘il-qizlar salomatligini muhofaza qilish va xavfsizligini ta’minlash maqsadida oromgohlardan tashqaridagi barcha tadbirlar, qarindoshlar, ota-onalarning oromgohlarga tashrifi va kirishi taqiqlanganini yoddan chiqarmaslik zarur.
Oromgohlar faoliyat ko‘rsatayotgan davrda bir qator maxsus talablarga rioya etilishi zarurligini yana bir bor eslatib o‘tish joiz. Xususan, smenalar davomida xodimlar va bolalar salomatligi bo‘yicha tibbiy monitoring kuchaytirildi. Oromgohlarda yetarli miqdordagi teri antiseptiklari va dezinfeksiya vositalari bo‘lishi ta’minlanadi.
Bolalar va xodimlar har kuni 2 marotaba tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, uning natijasi haqidagi ma’lumotlar tibbiy kuzatuv daftariga kiritib boriladi. Shuningdek, guruhlash prinsipiga muvofiq guruhlarning maksimal izolyatsiyasi ta’minlanadi, ya’ni barcha harakatlar qat’iy ravishda bir guruhda amalga oshiriladi.
Bundan tashqari, oromgohlarda ranglarga ajratish belgilarini qo‘yish hamda guruhlarning nomi (raqami) bilan yo‘naltirilgan strelkalar qo‘yish orqali guruhlar orasidagi chegaralar tartibga solingan. Yotoqxonalarda, shu jumladan, ochiq ayvonchalarda, bolalar yoshidan qat’iy nazar, ijtimoiy masofaga qarab (kamida 1,5 metr) joylashtirilmoqda. Yashash xonalarini har kuni kamida 2 marta tez-tez shamollatish, ko‘rpa-to‘shaklar, mebel jihozlari, gilamlar, pollarni changdan tozalash, pol va sanitariya qurilmalarini dezinfeksiyalash vositalaridan foydalangan holda tozalash ishlari muntazam ravishda tashkil etib boriladi. Radiatorlar, deraza tokchalari, kiyim shkaflarini har kuni 2 marotaba tarkibida spirti bo‘lgan dezinfeksiyalash vositasi bilan artib tozalash hamda haftasiga bir marta yuvish vositalaridan foydalanib yuvish, deraza oynalarining ichki yuzasini har haftada tarkibida spirt tutuvchi dezinfeksiyalash vositasi bilan tozalash va oyiga bir marta yuvish vositalari bilan yuvish, ichki hojatxonalarni kuniga bir marta yuvuvchi va dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalanib tozalash, to‘shak va choyshablarni tez-tez almashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilgan.
Umumiy foydalanish joylaridagi pollarni kuniga ikki marta yuvish, umumiy hojatxonalarni kuniga ikki marta yuvuvchi va dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalangan holda tozalash hamda sensorli sezgir dozatorlar va pedal mexanizmli suyuq sovun tarqatish moslamalari, elektr sochiqlar yoki bir marta ishlatiladigan qog‘oz sochiq bilan jihozlangan bo‘lishini ta’minlash, har kuni tozalash ishlarida ishlatiladigan dezinfeksiyali eritmani yangilash ishlari amalga oshirilishi zarur.
Oromgohda har bir bolaga kuniga kamida 1,5 litr qadoqlangan suv berilishi, oromgoh hududidagi ichimlik fontanchalaridan foydalanishni qat’iyan man etish belgilangan.
Cheklov choralari davomida suzish havzalarida cho‘milishga ham ruxsat etilmaydi. Jismoniy sog‘lomlashtirish va ommaviy sport tadbirlari ijtimoiy masofani (kamida 2 metr) qat’iy saqlagan holda o‘tkaziladi. Ertalabki mashqlar har kuni 10-15 minut davomida ochiq havoda, yomg‘irli vaqtda esa havo yaxshi aylanadigan xonada o‘tkaziladi. Quyoshli vannalar ertalab yoki kechqurun, ovqatlanishdan yarim soat oldin, shamoldan himoyalangan maxsus joylarda tashkil qilinmoqda.
Bolalar uchun ovqatlanish qat’iy jadval asosida, ijtimoiy masofa kamida 2,0 metr bo‘lgan o‘rindiqlarni shaxmat tarzida joylashtirgan holda tashkil etilmoqda. Barcha ovqatlanish xonalarini ish kunining oxirida dezinfeksiyalash vositalari bilan tozalash yo‘lga qo‘yilgan. O‘yin va sport mashqlarida har bir mashg‘ulotdan keyin qo‘llarni yuvish qoidalariga rioya etilgani holda, har bir qo‘l yuvish jihozi ustida qo‘llarni yuvish qoidalari aks etgan plakatlar joylashtirilgan.
Har bir bolalar guruhi terini antiseptiklar yordamida tozalash uskunalari bilan jihozlangan bo‘lib, ulardan foydalanish o‘qituvchi (tarbiyachi) nazorati ostida amalga oshiriladi.
2021 yilgi bolalarni dam oldirish va sog‘lomlashtirish mavsumi joriy yilning 1 iyunidan boshlandi.
Joriy yilda respublika bo‘yicha jami 1 ming 545 ta statsionar turdagi oromgoh va sog‘lomlashtirish maydonchalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda jami 261 ming 608 nafar bolani dam oldirish rejalashtirilgan. Shu jumladan, 202 ta statsionar turdagi oromgohda 132 ming 337 nafar, 1 ming 343 ta sog‘lomlashtirish maydonchasida 129 ming 271 nafar bola sog‘lomlashtiriladi. Joriy yilgi mavsum davomida bolalarni oromgohlarda dam oldirish va sog‘lomlashtirish tadbirlari uchun jami 80 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Bugungacha o‘z faoliyatini boshlagan bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarida bolalar xavfsizligini ta’minlash, karantin talablari asosida oromgohlarga bolalarni qabul qilish masalalariga e’tibor kuchaytirilib, alohida nazoratga olingan.
Oromgohlarga jalb etiladigan xodimlar va bolalarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan hamda testdan o‘tkazish, barcha ishlovchi xodimlar vaksina olgan bo‘lishini ta’minlash masalasi doimiy diqqat markazida bo‘lmoqda.
Mavsum davomida hududlarda Intellektual rivojlantirish, Ekologik-biologik va o‘lkashunoslik, Texnik ijodkorlik, Ijtimoiy moslashuv, Tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish, Badiiy ijodiyot yo‘nalishlariga ixtisoslashtirilgan oromgohlarni tashkil etish ham ko‘zda tutilgan.

Joriy yilgi mavsumda ham ijtimoiy himoyatalab, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Kasaba uyushmalari tomonidan ijtimoiy himoyatalab, kam ta’minlangan oilalar farzandlari jamoa shartnomalari va kelishuvlari orqali imtiyozli yo‘llanmalar bilan ta’minlanadi. Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari imtiyozli ravishda dam oldirilib, sog‘lomlashtiriladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlari, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari bo‘lgan 4500 nafar o‘g‘il-qiz o‘z hududlaridagi so‘lim va bahavo oromgohlarda bepul dam oldiriladi.

Bolajonlarni sog‘lomlashtirish bilan qamrab olish ko‘lamini kengaytirish maqsadida Kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriyalarda 2 ming 360 nafar ona-bolaning birgalikda sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan.
Sirasini aytganda, mamlakatimizda bolalarni yozgi sog‘lomlashtirish mavsumiga puxta va uyushqoqlik bilan tayyorgarlik ko‘rildi. Bu yurtimizning ertangi kuni bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimizning maroqli hordiq chiqarib, salomatliklarini mustahkamlashi, pirovardida ta’tilni mazmunli o‘tkazishiga zamin yaratadi.
Muhabbat O‘rmonbekova,
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi matbuot xizmati rahbari