O‘zbekiston banklari yetti oyda 12,3 trillion so‘m sof foyda oldi
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston banklari 2026-yilning yanvar–iyul oylarida 12,34 trillion so‘m sof foyda ko‘rdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 68,1 foizga, ya’ni qariyb 5 trillion so‘mga ko‘p.
E’tiborlisi, banklarning yetti oydagi sof foydasi 2023-yildagi yillik natijaga deyarli tenglashdi. 2023-yilda banklar 12,38 trillion so‘m, 2024-yilda 6,97 trillion so‘m, 2025-yilda esa 15,5 trillion so‘m sof foyda bilan yakunlagan. Demak, joriy yilning dastlabki yetti oyida olingan foyda 2025-yildagi butun yillik ko‘rsatkichning qariyb 80 foiziga yetdi.
Oylar kesimida eng yuqori natija iyun oyida qayd etildi — 2,53 trillion so‘m. Mart oyida ham banklar 2,47 trillion so‘m sof foyda olgan.
Biroq iyul oyida bu ko‘rsatkich sezilarli pasaydi. Banklarning iyul oyidagi sof foydasi 1,34 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu iyun oyiga nisbatan 1,19 trillion so‘m yoki 46,9 foizga kam. Shunga qaramay, iyul natijasi 2025-yilning shu oyiga nisbatan 62 foiz yuqori bo‘ldi.
Iyul oyidagi pasayishda xarajatlarning o‘sishi muhim omil bo‘lgan. Xususan, banklarning foizsiz daromadlari iyundagi 9,38 trillion so‘mdan iyul oyida 9,32 trillion so‘mga tushgan bo‘lsa, foizsiz xarajatlar 3,05 trillion so‘mdan 3,98 trillion so‘mga oshgan.
Operatsion xarajatlar ham 3,11 trillion so‘mdan 3,34 trillion so‘mga ko‘tarilgan. Yetti oylik natijada banklar foydasining o‘sishida foizsiz daromadlar alohida o‘rin tutmoqda. Yanvar–iyul oylarida foizsiz daromadlar bir yilda 40,6 trillion so‘mdan 61,5 trillion so‘mga ko‘paydi. Bu 51,5 foizlik o‘sish demakdir. Foizsiz va operatsion xarajatlar hisobga olinganidan keyingi natija ham 9,94 trillion so‘mdan 20,97 trillion so‘mga yetdi.
Ayni paytda foizli daromadlar nisbatan sekinroq o‘sgan. Yetti oyda ular 18,3 foizga oshib, 84,4 trillion so‘mni tashkil etgan. Foizli xarajatlar esa 22,1 foizga o‘sib, 60,8 trillion so‘mga yetgan. Banklar kredit, lizing va boshqa aktivlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarni qoplash uchun ajratgan mablag‘larni ham oshirgan.
Bunday xarajatlar yanvar–iyul oylarida 22,6 trillion so‘mdan 30,5 trillion so‘mga ko‘paygan. Bu bir yilda 35,1 foizlik o‘sishni anglatadi. Shunga qaramay, daromadlarning yuqori sur’atlarda o‘sishi banklarning umumiy sof foydasini qariyb 5 trillion so‘mga oshirish imkonini bergan.
Shu bilan birga, foizsiz daromadlarning keskin o‘sishi aynan qaysi manbalar hisobiga yuzaga kelgani, iyul oyida ayrim xarajatlar nima sababdan ko‘paygani umumiy ko‘rsatkichlarda to‘liq ochib berilmagan. Shuning uchun banklar foydasidagi o‘sishning barqarorligini baholashda foizsiz daromadlar va xarajatlar tarkibini chuqurroq tahlil qilish muhim.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA