O‘zbekiston atom energetikasi sohasidagi yondashuvini Londonda taqdim etdi
“O‘zatom” agentligi delegatsiyasi Londonda o‘tkazilgan Butunjahon yadro assotsiatsiyasining 51-Butunjahon yadro simpoziumida O‘zbekistonning atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha yondashuvini taqdim etdi.
“Yadro energetikasiga yangi yo‘llar” mavzusidagi sessiyada katta quvvatli “VVER-1000” energobloklari va kichik quvvatli “RITM-200N” reaktorlarini birlashtirgan integratsiyalashgan AES loyihasi haqida ma’lumot berildi.

Simpozium doirasida Fransiyaning “Orano” kompaniyasi, WNA, Butunjahon yadro universiteti, “AtkinsRéalis” kompaniyasi hamda Ruanda atom sohasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, yadro yoqilg‘isi sikli, xalqaro hamkorlik, ta’lim dasturlari va zamonaviy reaktor texnologiyalarini o‘rganish masalalari muhokama qilindi.
Agentlik axborot xizmatiga ko‘ra, tashrif yakunlari O‘zbekistonning atom energetikasi sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va tajriba almashishga intilayotganini ko‘rsatdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA