O‘zbekiston, Afg‘oniston va Tojikiston tadbirkorlari Surxondaryoda uchrashdi
Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Toshkentda o‘tgan “Made in Afghanistan” ko‘rgazmasidan so‘ng Afg‘oniston va Tojikiston ishbilarmonlaridan iborat yirik delegatsiya Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Denov tumanidagi “Qo‘zichoqli” yoshlar sanoat zonasi qo‘shni davlatlar tadbirkorlari uchun muhim muloqot maydoniga aylandi. Tashrif doirasida mahalliy mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil qilinib, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ishlab chiqarilayotgan sanoat mollari xorijlik mehmonlarga namoyish etildi. Shuningdek, Afg‘onistondan 30 ga yaqin, Tojikistondan 20 nafar tadbirkor o‘zbekistonlik hamkasblari bilan B2B uchrashuvlari orqali muzokara olib borishdi.
Ushbu tadbirlar mintaqaviy iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lida strategik qadam sifatida baholanmoqda. Asosiy maqsad – qo‘shni davlatlar bilan savdo-sotiqni rivojlantirish, respublikamiz sanoati salohiyatini xalqaro bozorda targ‘ib etish va mintaqaviy barqarorlik orqali iqtisodiy o‘sishni ta’minlash. Ishtirokchilar bunday biznes-muloqotlar nafaqat Surxondaryo, balki butun mintaqa uchun yangi imkoniyatlar yaratishini e’tirof etdilar.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA