O‘zbekiston – Afg‘oniston savdo aylanmasi 3 milliard dollarga yetadi
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Surxondaryo viloyatidagi “Termiz” xalqaro savdo markazida Afg‘oniston savdo vaziri Nuriddin Aziziy boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Qizg‘in fikr almashish chog‘ida savdo-iqtisodiy munosabatning bugungi holati va aloqalarni rivojlantirish istiqboli muhokama qilindi. Suhbat davomida o‘zaro savdo miqdorini 3 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Tomonlar qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat va tog‘-kon sanoati sohalarida ham o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatib, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni ko‘rib chiqishdi.
Uchrashuv doirasida har ikki tomondan 60 ga yaqin tadbirkor ishtirokida B2B muzokaralari tashkil etilib, ishbilarmon doiralar vakillari yangi qo‘shma loyihalar va savdo shartnomalari bo‘yicha kelishiib oldilar.


G.Sattorova, O‘zA