“O‘zbekiston — 2030” strategiyasi ijrosining birinchi yarim yillik sarhisobi: qanday real o‘zgarishlarga erishildi?
Har qanday davlat dasturi va strategiyasining asl bahosi hisobotlardagi raqamlar bilan emas, fuqarolarning kundalik turmushida yuz bergan real o‘zgarishlar bilan o‘lchanadi. Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida aynan shu tamoyil bo‘yicha qator sohalarda erishilgan natijalar xususida ma’lumot berildi.

Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida 70 dan ortiq vazirlik va idoralar kesimida jami 437 ta samaradorlik ko‘rsatkichi raqamli platforma orqali uzluksiz monitoring qilib borilmoqda. 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, baholashdan o‘tkazilgan 206 ta vazifaning 162 tasi, ya’ni 79 foizi o‘z vaqtida va to‘liq hajmda bajarilgan.


Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari A. Abduqodirovga ko‘ra, monitoring natijalari aholi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan qator ijtimoiy sohalarda sezilarli siljishlar bo‘lganini ko‘rsatdi. Jumladan:
– ijtimoiy sohadagi xizmatlarning 78 foizi raqamlashtirildi, natijada murojaatlarni ko‘rib chiqish va xizmat ko‘rsatish muddati 18 kundan 10 kunga qisqardi;
– ijtimoiy karta bilan ta’minlangan ehtiyojmand fuqarolar soni 659 mingdan 1,1 million nafarga yetdi;
– proaktiv va kompozit xizmatlar soni 89 tadan 161 taga, soddalashtirilgan tartib-taomillar 150 tadan 204 taga yetkazildi. Notariat va FHDYO bo‘yicha masofaviy, onlayn xizmatlardan foydalanish hajmi 3 barobardan ko‘proqqa oshdi;
– xalqaro til imtihonlari xarajatlari qoplab berilgan yoshlar soni 24,1 ming nafarni (15 mingga nisbatan) tashkil etdi;
– yurtimizga 6,2 million xorijiy sayyoh tashrif buyurdi va turizm xizmatlari eksporti 2,64 milliard AQSH dollariga yetdi.

Strategiyaning 5 ta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha tahlilga qaralganda, eng yuqori ko‘rsatkich qonun ustuvorligi (93%) hamda inson salohiyati (85%) yo‘nalishlarida qayd etilgan. Suv va ekologiya bo‘yicha vazifalar 79 foizga, xavfsiz davlat yo‘nalishi 77 foizga, iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari esa 70 foizga bajarilgan.

Adliya vazirligi, Turizm qo‘mitasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi o‘zlariga biriktirilgan ko‘rsatkichlarni 100 foizga bajargan.

Bundan tashqari, A. Abduqodirov strategik hujjatlarning sifat nazorati kuchaytirilganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, yil boshidan buyon Agentlikka kiritilgan 100 ta strategik hujjat loyihalarining faqat 42 tasiga ijobiy xulosa berilgan, qolgan 58 tasi esa talab darajasida ishlab chiqilmagani sababli qaytarilgan bo‘lib, tashabbuskorlar bilan birgalikda takomillashtirilmoqda.
Umidjon Qurbonov, O‘zA