O‘zbek va qozoq adabiy aloqalari Abay ijodi misolida
Samarqand davlat universiteti Markaziy Osiyo xalqlari tillari va madaniyati institutida qozoq xalqining buyuk shoiri Abay Qo‘nanboyev tavalludining 181 yilligiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Qozog‘iston Respublikasining Samarqanddagi Bosh konsulligi xodimlari, universitet professor-o‘qituvchilari va taniqli ijodkorlar ishtirok etdi.
Davra suhbatida Abay Qo‘nanboyevning boy ijodiy merosi, uning turkiy xalqlar, xususan, o‘zbek va qozoq xalqlari adabiy-madaniy aloqalarini rivojlantirishdagi o‘rni haqida fikrlar bildirildi.

– Qozoq xalqining ulug‘ ijodkori Abay Qo‘nanboyev ijodini o‘rganishga O‘zbekistonda alohida e’tibor qaratilishini yaxshi bilamiz, – dedi Qozog‘iston Respublikasining Samarqanddagi Bosh konsuli Talgat Sharipov. – Jumladan, Samarqanddagi oliy ta’lim muassasalarida qozoq adabiyoti vakillari, xususan, Abay hayoti va ijodiy merosini o‘rganish borasidagi ilmiy tadqiqotlardan xabardormiz. Bu borada tadqiqotchilarga biz ham imkon qadar yordam beramiz. Bunday ilmiy-ijodiy hamkorlik birodar xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Davra suhbati davomida Alisher Navoiy va Abay ijodi, o‘zbek-qozoq adabiy va lisoniy aloqalari tarixi, Markaziy Osiyo xalqlari adabiyotining mushtarak xususiyatlari haqida so‘z bordi. Ayniqsa, Alisher Navoiy va Abay ijodiy merosining qiyosiy jihatlari, ikki buyuk mutafakkirning inson kamoloti, ilm-ma’rifat va ezgulik haqidagi qarashlari yuzasidan bildirilgan fikrlar ishtirokchilar tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi.
G‘.Hasanov,
O‘zA muxbiri