O‘zbek tili sinonimlarining o‘quv lug‘ati yaratildi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida O‘zbek tili sinonimlarining o‘quv lug‘ati taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ushbu kitob mazkur universitet professori Hamidulla Dadaboyev, dotsent Manzura Abjalova va SamDU dotsenti Umida Rashidova hammuallifligida nashr etilgan.

Ushbu lug‘at o‘zbek tilidagi 2500 ga yaqin sinonimik qatorlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, unda aralash turdagi (leksik, derivativ, juft, takror birliklar), frazeologik va grammatik (affiksal, morfem-leksik, sintaktik) ma’nodosh birliklarning izohi, turkumi, to‘liq, qisman sinonimligi, sinonimik qatorning tarixiy shakllari, uslubiy xoslanishi kabi ma’lumotlar berilgan.
Lug‘atda, shuningdek, sinonimlar masalasida qilingan tadqiqot ishlarining bibliografiyasi ham ko‘rsatilgan.

Taqdimot tadbirida Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Odinaxon Jamoliddinova, Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi direktori Inomjon Azimov va boshqalar lug‘atning tuzilishi, qamrovi va shu turdagi boshqa lug‘atlardan farqli jihatlari haqida so‘zladi.
Ushbu lug‘at nainki ta’lim tizimining barcha bosqichlari uchun, balki tarjimonlar, tadqiqotchilar va o‘zbek tilini o‘rganuvchilar uchun ham juda qimmatli leksikografik manba ekani ta’kidlandi.
N.Usmonova, O‘zA