O‘zbek tili: meros, me’yor va taraqqiyot
Bugun Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida 4 jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”, “O‘zbek adabiy tili imlo qoidalarining shakllanish tarixi” va “O‘zbek tili omonimlari lug‘ati” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Vazirlik tizimida davlat tilining nufuzini oshirish, sohada o‘zbek tilida ish yuritishni takomillashtirish, konchilik va geologiyaga oid atamalarni davlat tiliga moslashtirish borasida ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri maslahatchisi Ziyoda Ahmedova bugungi tadbirning ahamiyati hamda vazirlik tizimida davlat tilini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi:
– Bugungi tadbir biz uchun juda muhim va mazmunli bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda ushbu kitoblar taqdimotini tashkil etdik.
Tadbirga taniqli olimlar va soha mutaxassislarini taklif etdik. Ular aynan shu kitoblarning mazmun-mohiyati, ilmiy ahamiyati hamda o‘zbek tili va adabiyoti rivojidagi o‘rni haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdilar. Kitoblarning yaratilish tarixi, ilmiy qimmati va bugungi kundagi ahamiyati haqida bildirilgan fikrlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Ayniqsa, 4 jildlik “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”ning yaratilishi, unda buyuk bobokalonimizning hayoti, ijodi va boy ma’naviy merosi keng yoritilgani alohida ahamiyatga ega. Alisher Navoiy - buyuk mutafakkir, olim va shoir. Uning ijodiy merosi cheksiz ummonga qiyosdir. Shu bois, yosh avlodga mumtoz asarlarimiz va buyuk adiblarimiz haqida qancha ko‘p ma’lumot bersak, shuncha oz.
Umuman, bugungi taqdimot davomida biz ham ko‘plab yangi ma’lumotlar, bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ldik. Bunday tadbirlar kitoblarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish bilan birga, mutolaa va ilmga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Vazirlik tizimida davlat tiliga munosabat faqat tadbirlar bilan cheklanib qolmayapti. Bu yo‘nalishda tizimli ishlar olib borilmoqda. Barcha xodimlarimiz davlat tilida ish yuritish asoslari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib kelmoqda.
Shu bilan birga, soha mutaxassislari, olimlar, geograflar va adabiyotshunoslar bilan hamkorlikda geologiya tizimidagi geografik ob’ektlar va konlar nomlarini davlat tiliga muvofiqlashtirish bo‘yicha ham katta ishlar amalga oshirildi. Hozirga qadar 2600 dan ortiq kon nomi davlat tiliga muvofiqlashtirildi, ayrimlariga esa yangi nomlar berildi.
Bu ishlar Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari bilan tasdiqlandi va ma’lumotlar bazasiga zarur o‘zgartirishlar kiritildi. Endilikda geografik ob’ektlar va konlar yangi, muvofiqlashtirilgan nomlar asosida yuritiladi. Yangi ochilayotgan konlarga ham davlat tili me’yorlariga rioya etilgan holda nomlar berib borilmoqda.
Sohada davlat tilini rivojlantirishning yana bir muhim yo‘nalishi atamalar masalasi hisoblanadi. Chunki tilni sohada to‘laqonli qo‘llash uchun, avvalo, ilmiy asoslangan va tushunarli o‘zbekcha atamalar tizimi shakllangan bo‘lishi kerak.
Shu maqsadda vazirlik va tizimosti korxonalarining yetuk mutaxassislari ishtirokida Atamalar ishchi guruhi tashkil etilgan. Guruh tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining davlat tili qoidalariga, jumladan, imlo, uslubiy va grammatik me’yorlarga muvofiqligi o‘rganilib, lingvistik ekspertiza xulosalari berib borilmoqda.
Sohada foydalanish uchun bir qator muhim lug‘atlar ham nashr etildi. Jumladan, “Qidiruv geofizikasi atamalarining ruscha-o‘zbekcha qisqacha izohli lug‘ati” va “Konchilik ishlari atamalarining ruscha-o‘zbekcha qisqacha izohli lug‘ati” tayyorlanib, chop etildi. Yana bir muhim natijamiz “O‘zbekiston Respublikasining petrografik kodeksi”ning davlat tilida nashr etilganidir.
Xodimlarning davlat tilida ish yuritish bo‘yicha malakasini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida xodimlarimiz muntazam ravishda tahsil olib, o‘qish yakunida sertifikatlarga ega bo‘lmoqda.
Biz uchun kitobxonlik va mutolaa madaniyatini yuksaltirish ham muhim. Shu maqsadda vazirlikda “Kitob burchagi” tashkil etilgan va xodimlar uchun har oyda “Kitob o‘qish soati” yo‘lga qo‘yilgan.
Davlat tili hamda ma’naviyat va ma’rifat masalalariga bag‘ishlangan rasmiy telegram sahifalarimizda “Mutolaa zavqi” bo‘limi ham tashkil etilgan. Unda xodimlarga badiiy va ilmiy-ommabop asarlar, Turkiston jadidlik harakati haqidagi ilmiy maqolalar, tarjimalar va jadidlar asarlari tavsiya qilib boriladi.
Yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish maqsadida tizimdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Yosh kitobxon”, “Men yoqtirgan asar” kabi tanlovlar o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, “O‘zbek tili barchamizni birlashtiradi!” shiori ostida ommaviy diktantlar, erkin mavzuda ifodali she’r o‘qish, o‘zbek xalq maqollarini aytish kabi ijodiy va ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida esa “Zakovat” intellektual o‘yini, diktantlar tanlovi va boshqa adabiy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.
Menimcha, ona tili har bir xalqning milliy o‘zligi, ma’naviy qiyofasi, tarixi va tafakkurini o‘zida mujassam etuvchi bebaho boylik. Tilga bo‘lgan hurmat, avvalo, o‘zligimizga, tariximizga va kelajagimizga bo‘lgan hurmatdir.
Shuning uchun davlat tilini asrab-avaylash, uning nufuzini oshirish va kelajak avlodlarga sof hamda boy holda yetkazish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.