O‘zbek tili barchamizni birlashtiradi!
Namangan davlat pedagogika institutida 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “O‘zbek tili barchamizni birlashtiradi!” mavzusida adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda ona tilimizga hurmat, milliy adabiyotimizga muhabbat va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Bayram doirasida kitoblar yarmarkasi, tasviriy san’at ko‘rgazmasi, she’rxonlik kechalari, talabalarning ijodiy chiqishlari hamda ilmiy-nazariy seminar o‘tkazildi.
Institutning Habib Sa’dulla nomidagi badiiy tafakkur maskanida “Mushoira klubi” a’zolari tomonidan she’rlar o‘qildi. “Mutolaa maskani”da esa o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishi talabalari ishtirokida kitobxonlik madaniyati, badiiy asarlar tahlili va mutolaaning ahamiyatiga bag‘ishlangan adabiy muloqotlar tashkil etildi.
“Yoshlar innovatsion bog‘i” sahnasidagi bayram dasturida talabalar ona tili, Vatan va milliy qadriyatlarni tarannum etuvchi she’rlar o‘qib, monolog va qo‘shiqlar ijro etdi. Jumladan, Abdulla Oripov, Usmon Nosir, Jamol Kamol va boshqa shoirlar ijodidan namunalar taqdim etildi.
Tadbir doirasida “O‘zbek tilim – iftixorim” mavzusida ilmiy-nazariy seminar ham bo‘lib o‘tdi. Seminarda o‘zbek tilining tarixiy taraqqiyoti, milliy o‘zlikni anglashdagi o‘rni, davlat tilining nufuzini yanada oshirish va uning ma’naviy hayotimizdagi ahamiyati xususida fikr almashildi.
[gallery-32103]
Mazkur tadbir yoshlarning ona tiliga bo‘lgan hurmatini mustahkamlash, milliy adabiy merosni keng targ‘ib etish, kitobxonlik va nutq madaniyatini rivojlantirishga xizmat qildi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA