O‘zbek olimining kitobi Malayziyada chop etildi
Asrlar silsilasidan o‘tib kelayotgan me’moriy obidalarimizning mustahkamligi zamirida ota-bobolarimizning keng aqliy zakovati yotadi.
Shu bois xorijda Sharq me’morchiligi, xususan, Turon zamin ustalari tomonidan bunyod etilgan tarixiy obidalarga qiziqish, ularning sirlarini bilishga intilish istagi kuchli. Xorijiy davlatlar olimlari tomonidan mamlakatimizdagi tarixiy-me’moriy obidalar haqida ko‘plab ilmiy maqolalar, kitoblar nashr qilingan. Yurtimizdagi madaniy meros ob’ektlari, qadimiy osori-atiqalarimiz va ularning yaratilish tarixiyu sir-asrorlari borasida olimlarimizning ham maqtasa arzigulik ilmiy ishlari, tadqiqotlari talay. Fikrimizning isboti sifatida yaqindagina Malayziyaning “USIM Press, 2021" Malayziya Islom ilmiy universiteti nashriyotida ingliz tilida chop etilgan Samarqand davlat Arxitektura qurilish instituti professori Ahtam O‘rolovning "Arxitekturaviy shakllarni uyg‘unlashtirish, bezash va yorug‘lik" nomli kitobini keltirishimiz mumkin.
O‘zbek olimi kitobining uzoq xorijda ─ Malayziya islomiy fanlar universiteti nashriyotida ingliz tilida chop etilishi va uning Malayziyada arxitektura va dizayn sohasida o‘qiyotgan talabalarga o‘quv qo‘llanma sifatida tavsiya etilganligi uning dunyoviy ahamiyati naqadar ekanligini belgilaydi.
Mazkur kitob o‘tmish arxitektor-muhandislarining loyihalash jarayonida me’moriy shakllar uyg‘unligini ta’minlash, binolarni bezash va yorug‘lantirishda qo‘llagan qoida va qonuniyatlari majmuasini aniqlab, ularni o‘quvchilarga yetkazishga, me’moriy obidalardagi go‘zallik sir-asrorlarini ochib berishga qaratilgan ko‘p yillik tadqiqotlar natijasidir.
Har qanday bino va inshoot, me’moriy muhit muayyan geometrik shakllar va hajmlardan tuziladiki, ular me’morlarning ijodiy loyihalash uslubi, amalda qo‘llaydigan mutanosiblik va uyg‘unlik qonuniyatlari orqali o‘zida go‘zallik, badiiy estetik mohiyat va mazmun kasb etadi.
Mazkur kitob mana shu me’moriy shakllar uyg‘unligi va mutanosiblik nazariyasini ochib beruvchi asardir.
Asar shunisi bilan ham e’tirofga loyiqki unda o‘tmishda qurilgan islom me’moriy obidalarining gumbazi, minorasi yoki peshtoqlari qulab, ularning asl balandligi noma’lum bo‘lib qolsa, ularni qayta tiklashda me’moriy shakllarning handasaviy (geometrik) uyg‘unligi va modul (miqyos to‘ri) uslublarini qo‘llab, ularning balandliklarini topish imkoniyatlari ham bayon qilingan.
Binolarga faqatgina tashqi pardoz berib, ularning go‘zalligiga erishib bo‘lmaydi. Buning uchun avvalo binoni shakllantirgan qism va bo‘laklar (bino kursisi, ostonasi, bino hajmi, tomi) va ular orasidagi mutanosiblikni, ularning yaxlit bino shakliga mosligini ta’minlash, ya’ni me’moriy shakllar garmoniyasiga erishish lozim. Shundan keyingina bezaklar ishlanishi mumkin.
«Garmoniya» so‘zi o‘zbek tilida uyg‘unlik, monandlik, hamohanglik tushunchalarini beradi. Me’morchilik va tasviriy san’atda uyg‘unlik, ya’ni garmoniya ijodiy kamolotning yuksak orzusiga aylanib qolganligi hammaga ma’lum. Go‘zallik va uyg‘unlik egizak opa-singillardir. Zero har qanday tashqi pardoz yoki bezak arxitekturaga shakllar mutanosibligi va uyg‘unligidek go‘zallik baxshida etolmaydi.
Shuning uchun ham o‘zbek olimining mazkur kitobida ko‘tarilgan muammo va masalalar yechimini o‘rganish xorijda ta’lim olayotgan bakalavr va magistrantlar uchun ham foydali deb tan olindi va Islomiy mamlakat hisoblangan Malayziyada ingliz tilida nashr etildi. Kitobning ingliz tilida nashr etilishi esa ushbu asarning dunyoviy ahamiyatini va kitobga beriladigan buyurtmalar sonini yanada oshirishi shubhasiz.
Bu hali hammasi emas. O‘zbekiston Respublikasining Kuala- Lumpur shahridagi elchixonasi hamda Malayziya Islom Ilmiy universitetining ilmiy va ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish masalalari borasida o‘tkazgan uchrashuvlari samarasi o‘laroq shu yilning 18 noyabr kunida mazkur asarning taqdimotini Malayziyada o‘tkazish borasida kelishuvga erishildi va O‘zbekiston Respublikasi TIV tomonidan taqdimot qatnashchilarining tadbirda ishtiroki borasida takliflar berildi.
O‘zA