O‘zbek nonushtasi uchun qo‘llanma ishlab chiqildi
O‘zbekistonga tashrif buyurgan har qaysi xorijlik sayyohni faqat tarixiy obidalar emas, balki milliy taomlar, dasturxon madaniyati va mahalliy turmush tarzi ham qiziqtiradi.
Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, endi mehmonxonalarda sayyohlarga taklif etiladigan o‘zbek nonushtasi ham muayyan mezonlar asosida tashkil etiladi.
Hozirda Turizm qo‘mitasi tomonidan “Joylashtirish vositalarida o‘zbek nonushtasini taqdim etish bo‘yicha qo‘llanma” ishlab chiqildi. Hujjat mehmonxonalarda milliy nonushtani muayyan standart asosida tashkil etish hamda gastronomik turizmni rivojlantirishga qaratilgan. Qo‘llanma nonushta toifasini tanlash, mos mahsulotlar tarkibini shakllantirish, mavsumiylikni hisobga olish, menyu va xizmat ko‘rsatish standartini joriy etish, xodimlar uchun nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish, oddiy, kengaytirilgan va premium nonushta kabi besh bosqichli tartib asosida ishlab chiqilgan.
Bundan tashqari qo‘llanmada mehmonxonalar uchun bazaviy, kengaytirilgan va premium toifadagi o‘zbek nonushtasi namunalari ham keltirilgan. Bu esa har bir mehmonxona o‘z imkoniyati va xizmat ko‘rsatish darajasidan kelib chiqib, milliy nonushtani shakllantirishiga imkon beradi. Qo‘llanmada nafaqat qanday taomlarni dasturxonga qo‘yish, balki mahsulotlarni tanlash, ularni taqdim etish va mehmonga xizmat ko‘rsatish madaniyatiga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, xorijlik mehmonning O‘zbekistondagi birinchi tongida unga tortiladigan nonushta mamlakat haqidagi dastlabki taassurotini shakllantirishi mumkin. Shu bois qo‘llanmada milliy nonushta oddiy taomlar yig‘indisi sifatida emas, balki mahsulot, taqdimot va xizmat ko‘rsatish madaniyati uyg‘unligi sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, non, qaymoq, qatiq, pishloq, tuxum, quruq mevalar, mavsumiy meva-sabzavotlar va boshqa milliy mahsulotlarni zamonaviy taqdimot bilan uyg‘unlashtirish sayyohga o‘zbek dasturxonining o‘ziga xosligini yaqindan tanishtirish imkonini beradi. Bundan tashqari, mehmonxonalarda mahalliy fermerlar tomonidan yetishtirilgan mahsulotlardan foydalanish ichki ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va mahalliy iqtisodiy faollikni oshirishga ham xizmat qiladi.
Ya’ni, o‘zbek nonushtasi endi shunchaki mehmonga beriladigan taom emas. U O‘zbekistonning milliy oshpazlik merosini namoyon etuvchi gastronomik brendlardan biriga aylanishi mumkin.
Qo‘llanma va unga oid materiallar mehmonxonalarga o‘zbek nonushtasini munosib darajada tashkil etishda amaliy yordam beradi. Bu esa bir tomondan turistlarga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirsa, ikkinchi tomondan milliy taomlar va an’analarni xorijiy mehmonlarga yanada kengroq tanitishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA