O‘zbek davlatchiligi tarixida Surxon vohasining o‘rni
Termiz davlat universitetida Akademik Yahyo G‘ulomov nomidagi “O‘zbek xalqi va uning davlatchiligi tarixi” respublika ilmiy seminarining 78-umummilliy yig‘ini bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamkorligida tashkil etilgan seminar “O‘zbek davlatchiligi tarixida Surxon vohasi” mavzuiga bag‘ishlandi. Unda mamlakatimizdagi yetakchi ilmiy tadqiqot markazlari va oliygohlarning akademiklari, fan doktorlari, tadqiqotchi va talabalar ishtirok etdi.


Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 27 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq mazkur ilmiy seminar mamlakatimiz hududlarida har yili an’anaviy o‘tkazib kelinmoqda.
Davlatchilik tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladigan Surxondaryo viloyatida tashkil etilgan ushbu anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy memorial majmuasi va Termiz davlat universiteti kabi nufuzli ilmiy muassasalar tadqiqotchilarining qiziqarli ma’ruzalari tinglandi.


O‘zbek davlatchiligi tarixida Surxon vohasining bronza, ilk temir, antik va ilk o‘rta asrlar davri moddiy madaniyati, davlatchilik ildizlari va ilk unvonlar kabi qator mavzularga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruzalar, yangi topilma va yangi xulosalar seminar qatnashchilarida katta qiziqish o‘yg‘otdi. Shuningdek, koviylar boshqaruvi davri tarixi, Birinchi Uyg‘onish davrida Termiziylarning o‘rni, ma’naviyati hamda o‘rta asrlar davrida Surxon vohasining tarixi, madaniyati va ma’naviyati xususida o‘zaro fikr almashildi.
O‘zbek davlatchiligi taraqqiyotida muhim o‘rin egallagan qadimiy Surxon vohasi bronza davrida O‘zbekiston hududida ilk dehqonchilik madaniyatiga asos bo‘lgan Sopollitepa, Jarqo‘ton, Tillabuloq, Tulkitepa, ilk temir davriga oid Qiziltepa, Xayitobodtepa, Burguttepa, antik davrga oid Dalvarzin, Qo‘rg‘onzol, Kampirtepa kabi yodgorliklar, Islom dunyosiga yetakchi olimlarni yetkazib bergan ilm-fan makoni sifatida ham dunyoga tanilgani bilan jahon olimlarida alohida qiziqish uyg‘otib kelmoqda.
–Mamlakatimizda o‘zbek davlatchiligi tarixini o‘rganishni mustaqillik yillarida boshladik, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari doktori, professor Dilorom Alimova. – Bungacha bu ish imkonsiz edi. Shu o‘ttiz yillik o‘rganishlar natijasida eng qadimgi davlatchiligimiz tarixiga bag‘ishlangan kitob yaratildi. Bu kitobda ham Surxon vohasi arxeologik olimlar qazishmalari xulosasiga tayangan holda o‘tmishda O‘zbekiston davlatchiligining asosiy hududlaridan biri bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar o‘rin olgan.

Anjuman ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishida o‘rni beqiyos bo‘lib, u shu sohadagi yagona seminar hisoblanadi. U butun mamlakatimiz hududlarida o‘tkaziladi. Unga xorijlik olimlarni ham taklif etish mumkin. Ishtirokchilar cheklanmagan. Endi bugun o‘tkazilgan seminarda Surxon vohasidagi davlatchilik tarixi xususida yangi manbalarga ega bo‘ldik. Albatta, bu manbalar boy tariximiz bilan yanada yaqindan tanishishda muhim o‘rin tutadi.
Ayni paytda Yahyo G‘ulomov izdoshlari yetakchilik qilayotgan o‘zbek arxeolog olimlari O‘zbekistonning qadimiy madaniyati va davlatchiligi tarixini arxeologik qazishmalar asosida o‘rganish yo‘lida ko‘plab ilmiy izlanishlarni amalga oshirmoqda. Ular safida Shopo‘lat Shaydullayev, To‘xtash Annayev kabi Termiz davlat universiteti olimlari ham bor. Surxondaryolik qadimshunoslar jahonning o‘ndan ortiq eng yirik arxeologiya markazlari hamkorligida O‘rta Osiyo xalqlari moddiy madaniyati tarixi, O‘zbekiston hududida ilk davlatlarning paydo bo‘lishi, ilk shahar madaniyati va ilk sivilizatsiyalarning shakllanishi muammosi, antik va o‘rta asrlarda o‘zbek xalqi va davlatchiligi taraqqiyoti singari muhim mavzularda arxeologik tadqiqotlar olib bormoqda.
Ilmiy seminar doirasida bo‘lib o‘tgan yalpi majlis yakunida “O‘zbek xalqi davlatchiligi tarixi” mavzusini yanada chuqur o‘rganib, tahlil qilish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Ilmiy doira vakillarining Termiz davlat universiteti talabalariga tarix fani dolzarb masalalari yuzasidan master klasslar tashkil etishiga kelishib olindi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri