“O‘zatom” agentligi delegatsiyasi “Energoprom” xalqaro forumida ishtirok etdi
Bugun Qozon shahrida “Energoprom” xalqaro energetika forumi tadbirlari o‘tkazildi.
Forumning rasmiy ochilishida “O‘zatom” agentligi delegatsiyasi ham ishtirok etib, ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma ekspozitsiyasi bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, “GOELRO 2.0: afsonaning qayta tiklanishi” mavzusidagi yalpi majlis hamda MDH Elektr energetika kengashining 68-yig‘ilishida qatnashdi.
Forum maydonida elektr energetikasi tarmog‘ini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, infratuzilmani modernizatsiya qilish, texnologik mustaqillikni ta’minlash, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalar almashish va qo‘shma energetika loyihalarini amalga oshirish istiqbollari ham muhokamalar markazida bo‘ldi.

MDH Elektr energetika kengashi yig‘ilishida ishtirokchilar hamdo‘stlik davlatlari energiya tizimlarining joriy holati, hududiy muvofiqlashtirishni kuchaytirish, energiya ta’minoti ishonchliligini oshirish, yangi generatsiya quvvatlarini integratsiya qilish hamda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Tadbir davomida O‘zbekistonda energetika infratuzilmasini yangilash, yangi quvvatlarni ishga tushirish, tarmoqqa zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish va mintaqaviy energetik sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilayotgani alohida ta’kidlandi.
“O‘zatom” agentligi delegatsiyasi tashrif davomida xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan uchrashuvlarini davom ettirmoqda.
Agentlik axborot xizmatiga ko‘ra, “Energoprom” xalqaro forumi energetika sohasidagi yetakchi muloqot maydonlaridan biri hisoblanadi. U elektr energetikasini rivojlantirishning dolzarb vazifalarini hal etishga xizmat qilib, Rossiya Federatsiyasining 2050-yilgacha mo‘ljallangan energetika strategiyasini amalga oshirishga ko‘maklashadi. 2026-yildan boshlab forumga federal maqom berilgan bo‘lib, tadbir an’anaviy ravishda “Qozon ekspo” majmuasida o‘tkaziladi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA