“O‘zagrosug‘urta” xodimlari “Bor mehrimiz senga, bolajon!” donorlik aksiyasida ishtirok etdi
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “O‘zagrosug‘urta” AJ xodimlari O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan “Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostidagi beg‘araz donorlik aksiyasida ishtirok etdi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi tibbiy va ijtimoiy ko‘makka muhtoj bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, beg‘araz yordam muhitini mustahkamlash, bolalar salomatligini muhofaza qilish hamda insonlarni ixtiyoriy qon topshirishga chaqirish orqali bemor bolalar hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shishdan iborat.
Shuningdek, aksiya jamiyatda insonparvarlik, saxovat va mehr-oqibat g‘oyalarini keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
“O‘zagrosug‘urta” AJ xodimlarining aksiyadagi ishtiroki ham bemor bolalar salomatligini tiklashga ko‘maklashish, qon va uning tarkibiy qismlariga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun qon zaxirasini to‘ldirish, shuningdek, aholi o‘rtasida donorlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan.
Bunday ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbuslar jamiyatda insonparvarlik, hamjihatlik va o‘zaro yordam muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Kompaniya kelgusida ham aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish hamda xayriya va ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etish orqali mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishni davom ettiradi.