“O‘ZAGROSUG‘URTA” 91,5 milliard so‘mlik zararni qopladi
“O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2020 yilda qariyb 91,5 milliard so‘m sug‘urta tovoni to‘lab berildi.
O‘zagrosug‘urta – mamlakat sug‘urta bozorining eng ilg‘or jamiyatlaridan biri sifatida milliy sug‘urta bozorini rivojlantirishda o‘z o‘rniga ega. U izchil rivojlanish yo‘lidan borib, mamlakatimizda sug‘urta ishini iqtisodiyotning muhim tarmog‘iga aylantirish, aholi o‘rtasida sug‘urta madaniyatini oshirish, mijozlarga aynan ular xohlagan sug‘urta xizmatlarini taklif etish, ilm-fanning eng ilg‘or g‘oyalarini ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etishni amalda qo‘llamoqda.
Jamiyatning asosiy faoliyati yuridik va jismoniy shaxslarga har tomonlama qulay sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish, aholining shaxsiy hamda mulkiy manfaatlarini sug‘urta yo‘li bilan himoyalashdir.
Ayni paytda ushbu sug‘urta kompaniyasining respublikamiz bo‘ylab 14 ta filial, 209 ta sug‘urta markazi, 334 ta agentlik shaxobchasi faoliyat yuritib, ularda 1200 nafarga yaqin sug‘urta agenti aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Bu mamlakatning eng chekka va uzoq hududlaridagi mijozlarga ham sifatli sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatish imkoniyatini yaratadi.
Jamiyat tomonidan 2020 yilda 178,2 milliard so‘mlik sug‘urta mukofotlari ta’minlandi. Shundan 44,7 milliard so‘m qishloq xo‘jaligi, aholi sug‘urtasi bo‘yicha 8,9 milliard so‘m va 37,8 milliard so‘m boshqa sug‘urta turlaridan ta’minlangan sug‘urta mukofotlari hisoblandi.
Shu davrda qariyb 1,5 million sug‘urta shartnomalari tuzildi. Bu respublika sug‘urta bozorida rasmiylashtirilgan jami shartnomalarning qariyb 26 foiziga to‘g‘ri keladi.
Jamiyat tizimida 2020 yildan barcha hisobotlarning qog‘oz shaklidan voz kechilib, ularni elektron dastur asosida shakllantirish va umumlashtirish, xalqaro standartlar asosida buxgalteriya va moliya hisobotlariga o‘tish bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ushbu chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, jamiyat global pandemiya davrida ham sug‘urta tovonlarini to‘lash bo‘yicha sug‘urta bozorida o‘z yetakchiligini saqlab qoldi.
Ketma-ket ikki yildirki, jamiyat “Fitch Retings” xalqaro reyting agentligi tomonidan “BB –” barqaror reytingiga ega bo‘ldi. Mazkur nufuzli xalqaro agentlik dunyodagi yirik to‘rtlikka kiradi. Asosan moliya-bank va sug‘urta sohasida faoliyat olib borayotgan kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlari, sug‘urta xizmati sifati va qamrovi, aktivlari hamda depozit portfeli, shuningdek, moliyaviy holatiga ko‘ra baholaydi.
Dunyoning ko‘plab investorlari “Fitch Retings”ning kredit reytingiga tayanib ish ko‘radi. Demak, “O‘zagrosug‘urta” AJga jahon sug‘urta va qayta sug‘urta bozorlarida keng faoliyat olib borish imkoniyati yaratildi. Shuningdek, jamiyat uchun mahalliy eksportyorlar va O‘zbekistonga sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan investorlarni sug‘urtaviy himoya orqali qo‘llab-quvvatlash imkoniyati kengaydi.
Ushbu reyting ko‘rsatkichi jamiyatning olingan majburiyatlarning o‘z vaqtida bajarish kafolati hamda moliyaviy barqarorlik belgisidir.
Umuman olganda, jamiyat tomonidan 2020 yilda qariyb 91,5 milliard so‘m sug‘urta tovoni to‘lab berildi. Bu respublika sug‘urta bozorida jami to‘langan sug‘urta tovonlarining qariyb 12,5 foiziga to‘g‘ri keladi.
2020 yil kompaniyaning moliyaviy holati uchun salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi hodisalarga boy bo‘lganiga qaramay, yil yakunlari bo‘yicha "O‘zagrosug‘urta" AJ tomonidan belgilangan sof foyda prognoz ko‘rsatkichlari bajarildi.
Ta’kidlash joizki, jamiyatda yoshlar masalasiga alohida e’tibor berilmoqda. Jumladan, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” munosabati bilan yosh kadrlarni ko‘paytirish, ularning kasbiy salohiyati va malakasini oshirish, oliy ta’lim muassasasida o‘qishi uchun sharoit yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Prezidentimizning 2019 yil 2 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan 27 nafar xodim oliy ta’lim muassasasiga tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilindi.
“O‘zagrosug‘urta” AJ tizimida mehnat qilayotgan xodimlarning 30 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. bugungi kunda 22 nafar yosh kadr rahbarlik lavozimida faoliyat yuritayotgani ham yoshlarga bo‘lgan e’tibor yuksakligining ifodasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida ko‘rsatib o‘tilgan kadrlar malakasini oshirish, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda xalqaro bozorlarda yangi segmentlarni va eksportni ko‘paytirish kabi muhim va dolzarb vazifalar “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan 2021 yilda ustuvor yo‘nalish etib belgilangan.
Shu bilan birga, Prezidentimizning 2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash ham 2021 yilga mo‘ljallangan eng asosiy vazifalardan biridir. Farmonga muvofiq, jamiyat tomonidan 5 band, 31 ta yo‘nalishdan iborat “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, ijrosi ta’minlanmoqda.
“O‘zagrosug‘urta” AJ
Axborot xizmati.
O‘zA