O‘z muvaffaqiyatingizni ortga surmang
Davlatimiz rahbarining joriy yil 3 martdagi "Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, o‘zining iqtidori, tashabbuslari, ibratli amaliy ishlari va erishgan yutuqlari bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi o‘zgarishlar jarayonida faol ishtirok etib, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida bor kuch-g‘ayrati, zamonaviy bilim va malakasi, ma’naviy-intellektual salohiyatini namoyon etayotgan bir guruh xotin-qizlar Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Ular orasida “IT Investments Center Next Up hub Start-Up Studio” loyihasi menejeri, “Anora” loyihasi asoschisi, "AIESEC" tashkilotining O‘zbekistondagi vakili, "Yangi O‘zbekiston" universitetining magistranti Ummatoy Yo‘ldosheva ham bor.
Ummatoy Yo‘ldosheva dasturchi frilanser, ixtirochi, tashabbuskor, tashkilotchi va fidoyi yoshlar faoli sifatida yosh avlod ongida yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish, ularni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Hayoti davomida erishgan yutuqlari talaygina. Xususan, Toshkent shahridagi Inha universiteti tomonidan tashkil etilgan Open Data Challenge (2017) tanlovida eng faol murabbiy sifatida e’tirof etilgan. "O‘zbekistonning eng yaxshi startapti sifatida "Seedstars World Competition (2020) tanlovida xalqaro miqyosda tanlab olingan. 2019 yil Polshada "Ayollar texnologiyalari" sammitida faol ishtirok etgan va xalqaro elchi sifatida tan olingan. 2019 yil AQSHning Boston shahrida o‘tkazilgan Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada "Talabalar bilimini informatsion vositalar orqali monitoring qilish" maqolasi uchun maxsus diplom bilan taqdirlangan. Uning Markaziy Osiyo ayollarini zamonaviy kasblar bilan ta’minlashga qaratilgan "Anora" loyihasi 2024 yilda ishga tushirilgan. Bundan tashqari 2024 yilda Qatarning “Gulf Times” jurnalida O‘zbekiston ayollari muvaffaqiyati nomli maqolasi chop etilgan. Turkiyaning Istanbul shahrida Global Business Symposium (Yosh tadbirkorlar sammiti)da faol ishtirok etgani uchun sertifikat bilan taqdirlangan.
Ummatoy Yo‘ldosheva bugungi kunda xorijiy kompaniyalarda “product manager” sifatida faoliyat yuritayotgan, IT sohasida o‘z o‘rnini mustahkam topgan va o‘z yo‘li bilan yoshlar, ayniqsa qizlar uchun ilhom manbai bo‘lgan yetakchilardan biri.
Qahramonimiz dastlab IT sohasini “faqat erkaklar sohasi” deb o‘ylagan bo‘lsada, keyinchalik xalqaro konferensiyalardagi ishtirokidan so‘ng o‘z imkoniyatlarini kashf etdi va bu sohada katta muvaffaqiyat sari yo‘l oldi.
– Bugun shuni angladimki, hayotda o‘z oldiga buyuk maqsadlar qo‘yishdan qo‘rqmasdan, keyin ularga erishish uchun tavakkal qilib tinmay harakat qilganlargina muvaffaqiyatga erishishi mumkin, – deydi Ummatoy Yo‘ldosheva. – Psixologlarning bir gapi bor: “O‘z muvaffaqiyatingizni ortga surmang. Orzularingizga erishish uchun eng qulay kun – bugun, aynan bugun juda ajoyib imkoniyatlar sizni kutib turibdi. Birinchi qadam uchun biror tarixiy hodisani kutib yurmang, shu qadamingiz tarixiy bo‘lsin!”
Men dasturchi bo‘lishni istamaganman. Insonning hamma fe’l-atvori, xislatlari, hatto reja va maqsadlari ham o‘zgarishi mumkin. Shuni tushunib yetdimki, ayollar o‘zlari istagan barcha sohada yuqori marralarni zabt eta oladi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish borasida bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley сессиясиda qayd etganidek, "Biz uchun gender tenglik сиёсати ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni tobora kuchaymoqda".
Biror natijaga erishish oson kechmaydi. Ammo sizning kichkina mehnatlaringiz ham munosib taqdirlanishi o‘zgacha kuch, ilhom berar ekan. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanishim hayotim kitobining asosiy sahifalarida qoladigan voqea bo‘ldi.
Har bir ota-ona farzandining kamolini ko‘rishni istaydi. Barcha ota-onalar kabi mening oilam ustunlarida ham shunday orzular bo‘lgan. Har bir yutug‘im ortida ularning cheksiz mehnatlari yotibdi. Xuddi shu kabi farzandlarning ham ota-onasini rozi qilish, xursand qilish kabi niyatlari bo‘ladi. Katta mukofotga loyiq deb topilganim to‘g‘risida eshitganimda darhol bu xabar ota-onamni qanchalik osmonlarga uchirishini ko‘z oldimga keltirdim. Ularning quvonchdan porlagan ko‘zlarini tasavvur qildim.
Bizga bildirilgan ishonch uchun Prezidentimga minnatdorchilik bildiraman. Fursatdan foydalanib, kelayotgan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan yurtdoshlarimiz, opa-singillarimiz, onalarimizni muborakbod etaman.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA