O‘z mehnatining munosib e’tirofini ko‘rish har bir inson uchun katta baxt
Prezidentimiz bugun Yangi O‘zbekistonning ovozi eng nufuzli minbarlarda ham baland yangrayotganini, davlatimizning xalqchil, tinchlikparvar siyosati dunyoda e’tirof etilayotganini ta’kidladi.
– Hech shubhasiz, yuqoridagi barcha o‘zgarishlar ko‘p millatli xalqimiz, siz kabi jonkuyar yurtdoshlarimiz mehnati bilan amalga oshmoqda,– dedi davlatimiz rahbari.
Qaysi soha yoki vazifada ishlamasin, o‘z mehnatining munosib e’tirofini ko‘rish har bir inson uchun katta baxt ekani ta’kidlandi.
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan islohotlarga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashab, sidqidildan mehnat qilayotgan 558 nafar fidoyi inson yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Prezidentimiz har bir mukofotlanganning mashaqqatli mehnat yo‘li, erishgan yutuqlari va yurt taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasini yaxshi bilishini ta’kidladi.
Mukofotlanganlar orasida butun umrini bunyodkorlikka bag‘ishlagan xorazmlik otaxon Rustam Sultonov ham bor. U kishi tabarruk yoshda bo‘lsalar-da, viloyat nuroniylariga boshchilik qilib, mahalla va qishloqlarni obod qilishda yoshlarga chinakam ibrat bo‘lib kelmoqda.
O‘zA