O‘z kelajagini tanlayotgan yoshlar uchun yangi imkoniyat
Bugun xorijda o‘qish uchun minglab kilometr yo‘l bosish shart emas. Endi dunyoning nufuzli universitetlari vakillari bilan Toshkentning o‘zida uchrashish, qabul talablarini bilish va kelajakdagi ta’lim yo‘nalishini belgilash mumkin.
Yoshlar oldidagi eng muhim savollardan biri — qayerda va qanday ta’lim olish emas, balki o‘z salohiyatini qaysi muhitda to‘liq namoyon eta olish. Zero, to‘g‘ri tanlangan universitet insonning nafaqat kasbiy yo‘lini, balki kelajakdagi imkoniyatlarini ham belgilab beradi.
Shu ma’noda, Toshkentda ilk bor tashkil etilgan “Silk Road University Fair” xalqaro ta’lim forumi va ko‘rgazmasi yoshlar uchun jahon ta’lim olamiga yaqinlashish imkonini yaratdi. 27–28-oktabr kunlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda o‘tkazilgan tadbirda 10 dan ortiq davlatdan 40 dan ziyod universitet vakillari ishtirok etdi.

Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada, AQSH, Xitoy, Fransiya, Ispaniya, Shveysariya va boshqa davlatlardan kelgan ta’lim muassasalari vakillari o‘quvchilarga o‘z universitetlari, ta’lim dasturlari hamda qabul shartlari haqida ma’lumot berdi. Ular orasida “University of Toronto”, “The University of British Columbia”, “The University of Hong Kong”, “City University of Hong Kong”, “New York University Abu Dhabi”, “Mohamed bin Zayed University of Artificial Intelligence” kabi nufuzli oliy ta’lim muassasalari ham bor.
Forumning ikki kunlik dasturi 1 ming 150 nafardan ortiq yuqori sinf o‘quvchisi, 300 nafardan ziyod maktab maslahatchisi va 200 nafarga yaqin maktab direktori ishtirokini qamrab olish rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida 250 dan ortiq ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, ularda 90 ming nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchi tahsil olmoqda. 2019-yilda tashkil etilgan Agentlik tarkibida dastlab 16 ta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan. Keyingi yillarda tizim kengayib, 2026-yilga kelib ta’lim tashkilotlari soni 250 dan oshdi. Yangi maktablarning tashkil etilishi natijasida 2021–2026-yillarda rahbar va pedagog xodimlar uchun jami 10 ming 910 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ushbu keng qamrovli ta’lim tizimi iqtidorli yoshlarni erta aniqlash, ularning qobiliyatini rivojlantirish, chuqur bilim olishi va xalqaro darajadagi ta’lim imkoniyatlaridan foydalanishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan.

“Silk Road University Fair” xalqaro ta’lim forumi va ko‘rgazmasi O‘zbekiston maktablari, xalqaro universitetlar, pedagoglar va o‘quvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbus bo‘ldi. Tadbir dasturi o‘quvchilarga xalqaro ta’lim imkoniyatlarini o‘rganish, maktab maslahatchilariga kasbiy tajriba almashish, maktab rahbarlariga esa xalqaro oliy ta’lim muassasalari bilan yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.
Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga sifatli ta’lim olish va xalqaro bilimlar maydonida o‘z salohiyatini namoyon etish imkoniyatini yaratish mamlakat kelajagiga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA