O‘yingoh zamonaviy qiyofaga kiradi
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov Kosonsoy tumandagi “Kosonsoy” markaziy o‘yingohda bo‘lib, amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar bilan tanishdi. U loyihani belgilangan talab va me’yorlar asosida, yuqori sifatda hamda o‘z vaqtida bajarish, qurilish jarayonida zamonaviy yondashuvlarni qo‘llash borasida mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Tumanning “Kosonsoy” jamoasi bir vaqtlar mamlakat milliy chempionati oliy ligasida qatnashib, yetakchi klublardan ochko tortib olishga erishgan. Tuman markazida joylashgan stadion nafaqat mahalliy jamoa, balki keyinchalik ma’lum yillarda Namangan viloyatining bosh jamoasi – “Navbahor”ning shonli o‘yinlariga guvoh bo‘lgan.

Shu boisdan ham kosonsoyliklarga futbol zavqini yanada olib kirish, sportni keng ommalashtirish maqsadida tumanda futbol infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy sharoitlar yaratishga kirishildi.

Xususan, Gulobod mahallasi hududida joylashgan, ancha yillardan beri ta’mirtalab holatga tushib qolgan tuman markaziy futbol o‘yingohida mavjud holatni bartaraf etish uchun stadionni to‘liq rekonstruksiya qilish va zamonaviy qiyofaga keltirish bo‘yicha loyiha ishlab chiqildi.

Loyihaning dastlabki bosqichida 11 milliard 700 million so‘m mablag‘ evaziga asosiy qurilish va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Natijada, stadion zamonaviy talablarga javob beradigan, aholi va sport ixlosmandlari uchun barcha qulayliklarga ega sport maskaniga aylantiriladi.

Darhaqiqat, “Kosonsoy” markaziy stadioni uzoq yillar davomida aholiga munosib xizmat qilishi va futbolsevarlar uchun zamonaviy, xavfsiz sport muhiti yaratilishi muhim ahamiyatga ega.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.