Oybekning qalamini xastalik ham sindira olmagan
Vatanimiz tarixidagi 16 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1917 yil (bundan 104 yil oldin) – Turkiston taraqqiyparvar ziyolilarining ijtimoiy-siyosiy tashkiloti “Sho‘roi Islomiya”ning tashabbusi bilan chaqirilgan Butunturkiston musulmonlarining birinchi qurultoyi ish boshladi. U 23 aprelga qadar davom etdi. Tarixda ilk marta Butunturkiston miqyosida musulmonlar qurultoyi chaqirilib, unda tub xalqlarning muxtoriyat tomon qat’iy intilishi, o‘z an’analari, urf-odatlari va turmush tarzini izchil himoya qilishi aytildi.
Qurultoy yakunida Turkiston musulmonlarining Milliy Markazi – Turkiston o‘lka musulmonlar kengashi (Kraymussovet) tashkil qilindi. Mustafo Cho‘qay unga rais, Munavvarqori Abdurashidxonov va Ahmad Zaki Validiy kotiblar bo‘lishdi. Qurultoyda qabul qilingan tashkilot dasturida o‘lka musulmonlari orasida islohotlar o‘tkazish g‘oyalarini tarqatish, mintaqadagi barcha musulmonlami yagona maslak va fikr asosida birlashtirib, Turkistonga muxtoriyat maqomini berish uchun kurash vazifasi qo‘yildi.
1917 yil (bundan 104 yil oldin) – Samarqand jadidlari tomonidan “Hurriyat” gazetasi nashr qilina boshlandi. Gazeta adabiy, iqtisodiy-siyosiy yo‘nalishda bo‘lib, haftada 2 marta chiqib turgan. “Hurriyat”ga Akobir Shomansurov, Mardonqul Shomuhammedov, Abdurauf Fitrat, Hoji Muin, Shukrullo muharrirlik qilishgan. Gazeta milliy ishlar komissarligi tomonidan 1918 yil aprelda to‘xtatilib, uning o‘rniga “Mehnatkashlar o‘qi” nomli bolsheviklar mafkurasiga mos yangi gazeta nashr qilina boshlagan.
1921 yil (bundan 100 yil oldin) – sharqshunos-eronshunos olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Shoislom Shomuhamedov tavallud topdi. U olim, shoir va tarjimon sifatida mumtoz va hozirgi zamon eron adabiyoti bo‘yicha tadqiqotlar, o‘quv qo‘llanmalari, fors-tojik adabiyoti klassiklari asarlaridan tarjimalar va uning o‘z qalamiga mansub she’rlar, hikoyalar to‘plamlaridan iborat 90 ga yaqin kitob yaratdi. Shoislom Shomuhamedov 1973 yilda Firdavsiy nomidagi xalqaro mukofot laureati bo‘lgan, 1998 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
1941 yil (bundan 80 yil oldin) – kimyogar olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Soyibjon Ne’matov tavallud topdi. Uning rahbarligida polimer materiallar va sanoat chiqindilari asosida samarali antifriksion, yeyilishga va yemirishga bardoshli, tebranishga chidamli kompozitsion materiallar olinib, mashinasozlik, qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda qo‘llangan. Soyibjon Ne’matov 2000 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
1946 yil (bundan 75 yil oldin) – estrada xonandasi, bastakor, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston xalq artisti Farrux Zokirov tavallud topdi. U mayin va shirali ovoz sohibi bo‘lib, o‘zbek milliy va zamonaviy estrada an’analariga tayanadi. Farrux Zokirov “Yalla” ansambli bilan jahonning deyarli barcha mintaqalarida o‘zbek estrada san’atini targ‘ib etgan. U 1996 yilda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.
1951 yil (bundan 70 yil oldin) – shoir, yozuvchi, adabiyotshunos olim va jamoat arbobi Musa Toshmuhammad o‘g‘li Oybek insult xastaligiga yo‘liqib, tili va o‘ng qo‘lidan hayot asari ketdi. Stalincha qatag‘onning navbatdagi to‘lqinida Oybek boshiga malomat toshlari yog‘ilgan edi. Uning kundan-kunga ortib borayotgan shuhrati tufayli kimlardir rohat va farog‘atlarini yo‘qotgan edilar. Ular NKVDning Oybek atrofiga qo‘ygan tuzoqlarini intiqlik bilan kuzatibgina qolmay, uning shu tuzoqqa ilinishi uchun astoydil harakat qildilar. Natijada Oybek yuqorida qayd etilgan dardga yo‘liqdi.
Akademik Naim Karimovning qayd etishicha, Toshkent, Moskva va Pekindagi bir necha yillik davolanishdan so‘ng Oybek yana ijodiy hayotga qaytadi. U o‘z qo‘li bilan yoza olmagani sababli ko‘nglida tug‘ilgan katta-kichik asarlarni vafodor xotini Zarifaxonimga qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, aytib turdi. U shunday yo‘l bilan 1968 yili vafot etguniga qadar “Oltin vodiydan shabadalar” romanini qayta ishladi, chala qolgan “Quyosh qoraymas” romanini tugatdi, “Ulug‘ yo‘l” romani, “Nur qidirib”, “Bolalik xotiralarim”, “Bola Alisher” qissalari, “Davrim jarohati”, “Guli va Navoiy” dostonlari, talaygina she’r va maqolalarni yozdi.
1952 yil (bundan 69 yil oldin) – Sirdaryo viloyatidagi Guliston, Surxondaryo viloyatidagi Angor, Farg‘ona viloyatidagi Yozyovon tumanlari tashkil etildi.
2002 yil (bundan 19 yil oldin) – Toshkent davlat konservatoriyasi O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga айлантирилди.
2020 yil (bundan 1 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sharqshunoslik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi