OTB prezidenti: Osiyo va Tinch okeani mintaqasi umumiy barqarorlikni birgalikda shakllantiradi
Ayni payt Samarqandda davom etayotgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashi 59-yig‘ilishi ochilish marosimida ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy tuzilma rahbari Masato Kanda ham nutq so‘zladi.
Bank prezidenti dastlab ushbu yirik anjuman yuksak darajada tashkil etilgani uchun O‘zbekistonga va hamkor tashkilotlarga minnatdorlik bildirdi. Shundan so‘ng Osiyo va Tinch okeani mintaqasini “jipslikda harakatlanib, birga rivojlanish”ga chaqirdi. Buning uchun sarhadlar osha aloqalarni mustahkamlash orqali barqarorlik va inklyuziv o‘sishni ta’minlash zarurligini ta’kidladi.
– Ushbu yangi chorrahada qabul qiladigan qarorlarimiz kelgusi avlod kelajagini belgilaydi, – dedi Kanda. – Bugungi tahlikali dunyoda an’anaviy, ya’ni o‘zicha rivojlanish yondashuvi samara bermaydi. Endi yashash va taraqqiy etish uchun teran bog‘langan, barqaror tizim barpo etishimiz lozim.
Samarqand shahri mezbonlik qilayotgan “Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning o‘zaro bog‘liq kelajagini ilgari surish” mavzusidagi OTB Boshqaruvchilar kengashi 59-yillik yig‘ilishida siyosatchilar, xususiy sektor vakillari, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar ishtirok etmoqda.

Zamonaviy ziddiyatlar energiya bozori, ta’minot zanjiri va raqamli tarmoq orqali juda tez tarqaladi va eng zaif nuqtalarga kuchli ta’sir qiladi. Bunday muammolarni hal qilish uchun chegaralar aro muvofiqlashtirilgan mintaqaviy yechimlar zarur.
Ayni maqsaddan kelib chiqib, OTB muayyan chaqiriqlarga javob beradigan sarmoya doirasini kengaytirib, infratuzilma, bozor hamda institutlar integratsiyasiga asoslangan islohotni jadallashtirmoqda. O‘tgan yil muassasa mintaqaga 29,3 milliard dollar ajratdi.
Bankimiz Osiyo va Tinch okeanida umumiy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash uchun 70 milliard dollarlik dasturni ishga tushirdi. Mazkur loyiha ikki yirik loyihani nazarda tutadi: qayta tiklanuvchi energiyani chegaralar osha uyg‘unlashtirish, energiya xavfsizligini mustahkamlash va chiqindini kamaytirish maqsadida 50 milliard dollarlik Pan-Osiyo elektr tarmog‘ini yaratish va raqamli tengsizlikni kamaytirishga qaratilgan 20 milliard dollar sarflab raqamli aloqa tizimini rivojlantirish tashabbusi.
Bank Yaqin Sharq mojarosi sharoitida a’zo davlatlarning inqirozga qarshi kurashishini rag‘batlantirish bo‘yicha ham tezkor choralar ko‘rilmoqda.

Taxminimizcha, Osiyo va Tinch okeani mintaqasi rivojlanayotgan mamlakatlarining iqtisodiy o‘sishi joriy yil 5,4 foizdan 4,7 foizga tushadi, inflyatsiya 3,0 foizdan 5,2 foizga ko‘tariladi. Agar nizo yanada avj olsa va neft narxi oshaversa, o‘sish 4,2 foizgacha sustlashishi, inflyatsiya esa 7,4 foizga chiqishi mumkin.
Shu jihatdan OTBni geosiyosiy parchalanish, iqtisodiy beqarorlik va ekologik muammolar asnosida mintaqani qo‘llab-quvvatlovchi “barqarorlik tayanchi” deb atagan bo‘lardim.
Tabiiyki, jamoamiz oldida hali ulkan vazifalar turibdi. Eng muhimi –maqsadimiz aniq, strategiya bor va resurs yetarli. Rejani amalga oshirish uchun umumiy iroda ham bor. Xullas, Osiyo taraqqiyot banki xususiy sektor investitsiyasini jalb qilish va atrof-muhit tanazzulini bartaraf etish kabi dolzarb muammolarni hal qilish uchun mavjud imkoniyatdan unumli foydalanishni davom ettiradi.
1966-yilda tashkil etilgan, Osiyo va Tinch okeanida barqaror, inklyuziv va chidamli rivojlanishni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan yetakchi ko‘p tomonlama taraqqiyot banki bo‘lmish OTBga ayni payt 69 davlat a’zo.
Behruz Xudoyberdiyev,
Musulmon Ziyo,
O‘zA muxbirlari