“Otamning orzusi amalga oshdi”
Buxoro jadidlari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 maydagi “Jadidlar merosi davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorini qabul qilishdan asosiy maqsad ma’rifatparvar jadidlarning Vatanimiz va jahon tarixidagi muhim o‘rni va ahamiyatini, milliy istiqlolimizning ma’naviy asoslarini yaratishdagi fidoyiliklarini, ibratli hayoti va faoliyatini, boy ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish va faol targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni yanada kengaytirish, shuningdek, 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirishdir.
Buxoro jadidchilik harakatining yetakchilaridan Fayzulla Xo‘jayev, Abdurauf Fitrat, Muin Sheroziy, Sadriddin Ayniy, Ahmad Donish, Iso Maxdum, Inoyat Maxdum, Yahyo Hoja, Taksin, Hayrat, Gulshaniy, Qori Abdulmajid Zufunun, Mullo Sharif Soat, Mirzo Azim Somiy, Shamsiddin Maxdum Shohin kabilar o‘z davrining taraqqiyparvar, ma’rifatparvar, ilg‘or olimlari hamda ijodkorlari bo‘lib, O‘rta Osiyoda jadidchilik harakatining paydo bo‘lishida ularning xizmati katta.

Buxorolik jadidchilar birinchidan, ta’limning “usul-i-jadid” (“yangi usul”)ni joriy qildi. Bu usul fonetik ta’limga asoslangan bo‘lib, madrasalarda (islom maktablarida) qo‘llaniladigan eski, eslab yodlash usullariga qaraganda o‘qish va yozishni tezroq va qulayroq olib borishga yo‘naltirilgan. Ular an’anaviy islom ta’limotlari bilan bir qatorda matematika, geografiya, tarix kabi dunyoviy fanlarning o‘quv dasturiga kiritilishiga urg‘u berdi.
Ma’lumki, Buxoro tarixda zamonaviy mustaqil jumhuriyat bo‘lib, Moskva, Istanbul, Berlinga talabalarni o‘qishga yuborgan. Talabalar oliy ta’lim olib, vataniga qaytgan. Bir qismi esa qaytib kelganda sovetlar ularni hibsga olib, sovuq o‘lkalarga surgun qilgan, qatl etgan.
Talabalarning bir qismi Turkiya va boshqa mamlakatlarda qolib ilm olgan, olim bo‘lgan. Afsuski, Buxoro o‘zining olimlari ilmidan foydalana olmagan.
Shu kunlarda ko‘hna va boqiy Buxoroda Usmon Xo‘ja o‘g‘li (Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev) va uning ukasi Ataulla Xo‘ja o‘g‘li yashagan hovli Jadidlar merosi muzeyiga aylantirilmoqda. Qarorda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi, Madaniy meros agentligi va Buxoro viloyati hokimligining Buxoro shahridagi tarixiy maskan – Xo‘ja Gulrez ko‘chasi 13-uy manzilida joylashgan Hovli Poyon majmuasida Jadidlar merosi davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan.
Usmon Xo‘ja o‘g‘li (Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev) 1922 yili vatani Buxoroni tark etishga majbur bo‘lgan. 1937 yilda ukasi Ataulla Xo‘ja o‘g‘li otib o‘ldirilganidan so‘ng ularning Buxorodagi uyi prokuraturaga berilib, qolgan yarmi hibsxonaga aylantirilgan. Ushbu holat 1991 yil oxirigacha davom etgan.
Bu uy 1992 yili bir tadbirkorga sotilgan. O‘zbekiston madaniy meros agentligi tashabbusi bilan ushbu uyning hozirgi egasi bilan muzokaralar olib borildi. Nihoyat, shartnoma tuzilib, mazkur bino milliylashtirildi. Endi bu joy Jadidlar merosi davlat muzeyi sifatida tashkil etiladigan bo‘ldi.
–Men tug‘ilganimda dadam 70 yoshda edi, men 20 yoshda ekanimda dadam Usmon Xo‘jao‘g‘li vafot qildi, –degandi Usmon Xo‘ja o‘g‘li Temur Xo‘ja o‘g‘li Buxoroga kelganida men bilan suhbatda.. –Dadam menga kichik yoshimdan buyon Turkiston tarixi, madaniyati, ayniqsa, jadidlar va jadid adabiyoti haqida batafsil ma’lumot berib turar edi. Lekin negadir menga hech qachon Buxorodagi uyi haqida ko‘p ma’lumot bergan emasdi. Men 1990 yilda – sovet tuzumining oxirgi yillarida Toshkentga birinchi marta borganimda u yerdagi qarindoshlarimdan dadamning uyi haqida to‘liq ma’lumot oldim. AQSHdagi Kolumbiya universitetidagi magistratura va doktorlik darslarim paytida, ya’ni 1975 yilda menda shunday bir g‘oya paydo bo‘lgan edi: “Dadam menga aytganidek, Sovet tuzumi yo‘qolib, Turkistondagi Respublikalar mustaqil bo‘lganida, men ham u yerga borib, u yerda jadidlar xotirasi uchun bir muzey ochilishi borasida harakat qilaman”.
Buxoroga 2018 va 2019 yillarda borganimda, otam Usmon Xo‘janing uyini bir necha marta ko‘rdim. Hatto 2019 yil 22 dekabr kechasi o‘sha paytda mehmonxona qilingan Usmon Xo‘ja uyida pul to‘lab bir kecha tunadim. Shu yillarda O‘zbekistondagi matbuot, nashriyotlar va ijtimoiy tarmoqlarda otam va men haqimizda juda ko‘p suhbatlar, xabarlar, maqolalar e’lon qilindi, hujjatli filmlar yaratildi. Natijada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarori bilan otamning uyi Jadidlar merosi davlat muzeyiga aylanayapti. Bundan juda xursandman. Otamning orzusi, jadidlar orzusi amalga oshmoqda. Buning uchun Prezidentga minnatdorchilik bildiraman.
Muxtasar aytganda, bu fakt ham mamlakatimizda jadidlar faoliyatiga adolat bilan munosabatda bo‘linayotganining bir ifodasidir.
Zarif Komilov, O‘zA