Ota-onalar e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirishdi
Sirdaryo tumanida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi arafasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari uchun xayrli va quvonchli tadbir tashkil etildi. Tumandagi “Dunyo” tantanalar saroyida 187 nafar jajji bolajonning sunnat to‘yi ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi.
Tantana tuman hokimligi tashabbusi bilan tashkil etilib, unda bolajonlar, ularning ota-onalari, yaqinlari, mahalla faollari va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda Sirdaryo tumani hokimi Azizbek Turdimurodov ishtirok etib, bolajonlarni quvonchli kun bilan samimiy muborakbod etdi. O‘z tabrigida farzandlar baxti va sog‘lom kamol topishi har bir oilaning eng ezgu orzusi ekanini ta’kidlab, bolalarga sihat-salomatlik, baxtli bolalik va kelajakda yurtimizga munosib insonlar bo‘lib ulg‘ayishlarini tiladi.

Bugun yurtimizda bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga manzilli yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shunday ezgu tashabbuslar oilalarga amaliy ko‘mak berish bilan birga, ularga ma’naviy dalda va ishonch bag‘ishlamoqda.

Tantana davomida bolajonlarga bayramona sovg‘alar topshirildi. Ular uchun qiziqarli ko‘ngilochar dastur tashkil etilib, musiqiy chiqishlar, sahna ko‘rinishlari va turli quvnoq dasturlar namoyish etildi. Bolalarning shodon kulgisi va ko‘tarinki kayfiyati tantanaga yanada fayz bag‘ishladi.

Ota-onalar farzandlari uchun tashkil etilgan ushbu xayrli tadbir, ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun tuman hokimligi hamda tadbir tashkilotchilariga minnatdorlik bildirishdi.

Bunday tadbirlar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, bolalarga mehr va e’tibor ko‘rsatish, jamiyatda insonparvarlik, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri