Ostonada yillik havo harorati ko‘tariladi
Qozog‘iston poytaxti Ostonada havo harorati yiliga o‘rtacha 1,2 darajaga ko‘tarilib boryapti. Global isish dunyodagi ikkinchi eng sovuq poytaxt sanalgan Ostonaga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, bu shaharda ham issiq kunlar soni yil sayin ortyapti.
“Kazgidromet” ilmiy-tadqiqot markazi direktori Nurlan Abayev harorat oshishi nafaqat yoz oylarida, balki yil davomida kuzatilayotgani, yog‘in miqdorida sezilarli o‘zgarish kuzatilmaganini ta’kidlagan.
– So‘nggi 30 yil ichida yog‘ingarchilik atigi 5 foiz oshdi, – deydi ekspert. – Binobarin, bu iqlim me’yori bilan solishtirganda sezilarli emas.
Ostonada shamol tezligi pasayishi ham kuzatilmoqda. Bu borada yillik ko‘rsatkich sekundiga 3,6 metrdan 2,8 metrga kamaydi.
Ostonaning qishki og‘ir iqlimi ham keyingi yillarda yumshay boshladi. Joriy yil yoz poytaxtda o‘rtacha harorat +35 darajadan oshdi.
O‘zA