
Yon qo‘shni – jon qo‘shni
Navro‘z bayrami munosabati bilan Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida 100 dan ortiq turli tadbirlar o‘tkaziladi. Shahar aholisi va mehmonlar konsert, bayram dasturi, ko‘rgazma, tomosha, milliy sport turlari bo‘yicha musobaqa, xalq saylidan bahramand bo‘lishlari mumkin, deya xabar bermoqda “Kazinform” hokimlik saytiga tayanib.
Chunonchi, ta’lim tashkilotlari tomonidan o‘quvchilar uchun mavzuli ko‘rgazma, kutubxona va muzeylarda anjumanlar, faxriy ustozlar bilan uchrashuvlar, teatrlashtirilgan tomosha, ko‘rik-tanlovlar tashkil etiladi.
Xalqaro ko‘rgazmalar markazi hududida ochilgan Navro‘z bozori sharq yarmarkasida etnik uslubda tikilgan kiyim-kechak yangi kolleksiyasi, zargarlik buyumlari, kulolchilik, metall, namat va ipakdan tayyorlangan buyumlar, suvenirlarning boy tanlovi taqdim etiladi.
Sharq taomlari festivali ham bahor ayyomining ajralmas qismiga aylanadi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA