Oston Oʻrunovni xorijlik mutaxassislar eʼtirof etmoqda
“Ufa” jamoasi yarim himoyachisi, hamyurtimiz Oston Oʻrunov qisqa fursat ichida Rossiya premyer-ligasi oʻyinlarini kuzatib borayotgan mutaxassislar va muxlislar eʼtiboriga tushdi.
“Ufa” jamoasi yarim himoyachisi, hamyurtimiz Oston Oʻrunov qisqa fursat ichida Rossiya premyer-ligasi oʻyinlarini kuzatib borayotgan mutaxassislar va muxlislar eʼtiboriga tushdi. Jumladan, premyer-liganing 28-turida “Lokomotiv” – “Ufa” uchrashuvining eng yaxshi futbolchisi, deb topildi.
Hamyurtimizning oʻyinini yuqori baholagan nufuzli sport nashrlari uni turning ramziy terma jamoasiga kiritdi, taniqli mutaxassislar esa Ostonning mahorati haqida oʻz munosabatlarini bildira boshladi:
– Moskvaning “Lokomotiv” jamoasi bilan uchrashuvda ufaliklar avvaldan himoyaviy oʻyin namoyish etishga qaror qilgan edi. Bunday holatda koʻp narsa Oʻrunovning mahoratiga bogʻliq boʻladi. Ostonga tezkorligi evaziga raqibdan qochib ketish va driblingiga tayanib, hujumga oʻtish vazifasi yuklatilgan edi. Oʻzbekistonlik yarim himoyachi moslashuvchan, egiluvchan va qomatiga nisbatan tezligi katta. Atletik imkoniyatlari yakkakurashlarda va pressingda oʻzini erkin his qilishini taʼminlamoqda. Oʻrunov bir necha marotaba hujumlarni yakunlashga harakat qildi. Lekin raqib posboni Kochenkov ishonchli oʻynadi. Fakt shuki, Oʻrunov olti marta raqib bilan yuzma-yuz keldi va barcha urinishda “Lokomotiv” futbolchilarini aldab oʻtdi, – deb yozadi “Futbol na kulichkax”.
– Oʻzbekiston milliy terma jamoasining 19 yoshli futbolchisi Oston Oʻrunov Vadim Yevseyev yaratgan tizimning ajralmas qismiga aylanib boʻldi. Ufaliklar “Lokomotiv”dek qudratli jamoaga qarshi optimal tarkibni maydonga tushira olmagan bir pallada Oʻrunov yetakchilik masʼuliyatini oʻz zimmasiga oldi. Oʻyin davomida raqiblarini aldab oʻtdi, darvozaga zarbalar berdi va oʻtkir paslar orqali xavfli hujumlar yaratdi. Aynan Ostonning Artyom Golubevga bergan pasi natijasida ufaliklar penalti tepish huquqini qoʻlga kiritdi va hisobni ochdi, – deb maʼlumot berdi sovsport.ru.
– “Ufa” tarkibida oʻzbekistonlik yosh yarim himoyachi Oston Oʻrunov qator uchrashuvlarda oʻzini koʻrsatib kelmoqda. Menda shunday tasavvur uygʻonyapti: bizning barcha futbolchilarimiz bitta inkubatordan chiqqanga oʻxshaydi – ular bir xil yuguradi, kurashadi, pas beradi. Lekin bir-biridan ajralib turadigan jihati yoʻq. Oʻrunov paydo boʻlishi bilan darrov raqiblarni aldab oʻtishga, nostandart qarorlarni amalga oshirishga, vaziyatlarga kreativ yondashishga kirishadi va bu darrov eʼtiborni tortadi. Endi murabbiylar uning boshqa kuchli jihatlarini ham rivojlantirishlari kerak boʻladi, – deydi futbol mutaxassisi Yevgeniy Lovchev.