“Osmon qiroli” badiiy filmining premerasi bo‘lib o‘tdi
Mazkur film O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan “SHB” kinostudiyasi tomonidan suratga olingan.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonovning “Osmoni falaklarda” asari asosida yaratilgan ushbu kartina iste’dodli rejissyor Jahongir Qosimov tomonidan ekranlashtirilgan bo‘lib, unda inson taqdiri, fidoyilik, murakkab tanlovlar hamda osmon bilan bog‘liq orzular badiiy talqinda yorqin aks ettirilgan.

Premerada taniqli kino arboblari, keng jamoatchilik vakillari, kino ixlosmandlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
– Vatanga muhabbat va sadoqat, kasbga bo‘lgan fidoyilik, burch va matonat haqida so‘zlovchi ushbu asar asosida yangi film suratga olindi, – dedi Kinematografiya agentligi direktori, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev. – Ushbu kartina asosan drama janrida. Kino asarda aviatsiya nainki kasb yoki soha sifatida, balki insonning ma’naviy balandligi o‘ziga xos betakror tarzda talqin etilgan. Ushbu filmda tomoshabin aviatsiyaning maftunkor olamiga kirib borishi bilan birga, inson qalbidagi murakkab kechinmalar, vijdon va manfaat, oriyat va munofiqlik, yuksaklik va tubanlik o‘rtasidagi keskin kurashga guvoh bo‘ladi.
– Ushbu film Kinematografiya agentligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamda “Sevimli” telekanali bilan hamkorlikda suratga olindi, – dedi kartina rejissyori Jahongir Qosimov. – Shuningdek, filmning yaratilishida O‘zbekiston Qahramoni, mashhur uchuvchi Zarifxo‘ja Saidazimovga minnatdorlik bildiramiz.

Darhaqiqat, asar mustaqillikning dastlabki yillarida milliy aviatsiyaning tiklanishi, unda sadoqat bilan faoliyat olib borayotgan insonlar haqida hikoya qilishi bilan birga, og‘ir vaziyatlarda mas’uliyatni zimmaga ola bilish, har qanday holatda ham inson o‘z vijdoni va e’tiqodidan ayro bo‘lmasligi haqida juda ta’sirchan, samimiy, hayajonli tarzda hikoya qilinadi.
«Osmon qiroli» badiiy filmi o‘zbek kinematografiyasida inson irodasi, mas’uliyat va milliy aviatsiya tarixini ochib beruvchi muhim tarixiy-dramatik asardir. Film voqealari O‘zbekiston mustaqilligi arafasidagi o‘ta murakkab davrda kechadi. Asar faqat uchuvchilik kasbi haqida emas, balki tizim o‘zgarishi davridagi inson taqdirlari, milliy kadrlarning shakllanishi va ruhiy evrilishlarni juda aniq ko‘rsatib bergan.
Markaziy obrazlar — Badalov va Shamshetov o‘rtasidagi kasbiy hamda shaxsiy munosabatlar orqali hayotiy ziddiyatlar, mas’uliyat va orzular to‘qnashuvi mahorat bilan ochilgan. Filmning eng kuchli tomonlaridan biri — ijrochilar tarkibi. Karim Mirhodiyev, Matyoqub Matchonov va Tohir Saidov kabi tajribali aktyorlarning ishtiroki filmning badiiy qimmatini, obrazlarning ishonarliligi va psixologik teranligini ta’minlagan.
Aviatsiya mavzusidagi filmlarda kadrlar murakkabligi katta ahamiyatga ega. «Osmon qiroli»da parvoz sahnalari va davr muhitini yaratishda operatorlik ishi hamda sozlamalar sifatli ishlangan.
Ssenariy muallifi, ustoz adib Xayriddin Sultonning “Osmoni falaklarda” asarining mohiyati o‘z kasbiga sadoqat va yuzlab insonlar hayoti uchun javobgarlik tuyg‘usi bo‘lib, haqiqiy uchuvchi nafaqat texnikani boshqarishi, balki yuksak iroda egasi bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi. Asar mahalliy, o‘zbek uchuvchilarining o‘z yurtida yetakchi va o‘z ishining haqiqiy egasi («osmon qiroli») bo‘lish uchun qilgan kurashini, milliy aviatsiyaning shakllanish yo‘lini ifodalaydi.
Filmda tajribali ustozlar va yosh avlod o‘rtasidagi munosabatlar, kasb sirlarini o‘rganish va maktab yaratish jarayoni katta ahamiyatga ega. Tez o‘zgarayotgan davr fonida insonlarning xarakteri, ularning ichki dunyosi, do‘stlik, oila va vazifa oldidagi burch ustuvorligi kartinada batafsil tahlil qilinadi.
Kartinada Karim Mirhodiyev, Abbos Ibrohimov, Matyoqub Matchonov, Tohir Saidov, Otabek Musayev hamda boshqa taniqli aktyorlar mahorat bilan rol ijro etgan.
“Osmon qiroli” milliy kinematografiyamizning navbatdagi yirik va mazmunli loyihalaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri