“Osmon hamma gapni eshitadi!” spektakli namoyish etildi
Ma’rifatparvar jadid bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy teatrni bejiz ibratxonaga qiyoslamagan. Zero, bu yerda tomoshbin ruhan o‘z-o‘zi bilan yolg‘iz qoladi. Adog‘i yo‘q savollar girdobiga g‘arq bo‘ladi. Inson ruhiyatida, jamiyatda yuz berayotgan muammolar haqida batafsil o‘ylay boshlaydi. Ularning ildizi, bartaraf etish choralari xususida fikr yuritadi.
Taniqli dramaturg, yozuvchi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Qo‘chqor Norqobil asari asosida Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri ijodiy jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan “Osmon hamma gapni eshitadi!” musiqali drama spektakli ham tomoshabinni mudom ogohlik va hushyorlikka chorlashi bilan ahamiyatli.

Poytaxtimizdagi bir qator mehnat jamoalari kabi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xodimlari ham ushbu spektaklni tomosha qilish uchun teatrga taklif etildilar.
Spektaklda oddiy oila vakili Mo‘minjonning sho‘rolar davrida, o‘tgan asrning 80-yillari o‘rtalarida afg‘on zaminida yigitlik burchini o‘tashi bilan bog‘liq ziddiyatli va chalkash voqeliklar, uning Olga ismli hamshira qiz bilan tanishishi, ro‘baro‘ kelgan o‘limni ham dog‘da qoldirib, haqiqat uchun kurashishi juda ta’sirchan tarzda hikoya qilinadi.

O‘z yurtiga qaytgan Mo‘minjon Olga bilan turmush quradi. Befarzandlik dog‘ida kuygan bu oila ko‘rguliklari jafosiga tog‘ etaklari, adirlarga minglab daraxt ko‘chatlarini o‘tqazib, bog‘ yaratishga muvaffaq bo‘ladi. Mo‘minjonning bog‘ni yanada obod etish, yurtimizning xushmanzara go‘shalariga sayyohlarni jalb etishga doir loyihasiga ham, uning ota hovlisiga ham pulga tuzoq qo‘ygan shovvozlar ega chiqish payida bo‘ladilar. Mo‘min va Olganing haqiqat yo‘lidagi kurashlari baribir o‘z natijasini beradi. Adolat qaror topadi!
Mazkur spektakl hayotda har birimiz duch keladigan ijtimoiy, ekologik, psixologik muammolarni yaqqol ko‘rsatib bergan. Ayrim mutasaddilar o‘zlarining nopokligi, ochko‘zligi, o‘zgalar haqini o‘zlashtirishdan tiyilmasligini, ko‘r-ko‘ronalik va soxtalikka mukkasidan ketganini fosh etshan. Sahna asaridagi kuy-qo‘shiqlar uning jozibadorligini yanada oshirishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli.
Umuman olganda, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri mamlakatimizning otaxon teatr jamoalaridan biri bo‘lib, bebaho ma’rifiy xazinaga, boy tarixga ega ziyo maskani, desak yanglishmaymiz.
Bu tabarruk dargohda milliy teatrimizning Lutfixonim Sarimsoqova, Mahmudjon G‘afurov, Abbos Bakirov, Maryam Yoqubova, Farog‘at Rahmatova, Razzoq Hamroyev, Soyib Xo‘jayev, Omina Fayozova, Hamza Umarov, Sur’at Po‘latov, Naima Po‘latova, Baxtiyor Ixtiyorov, Husan Sharipov kabi ko‘plab sahna darg‘alari jo‘shib ijod qilgani bilan ham qadrlidir.
Ayni paytda teatrning “Muqimiy”, “Ravshan va Zulxumor”, “Farhod va Shirin”, “Tohir va Zuhra”, “Vatan ishqi”, “Toshbolta oshiq”, “Olifta” kabi musiqali sahna asarlarini milliy teatr san’atimizning durdonasi, deb atash mumkin.
Bugungi kunda ushbu jamoaning “Qaytar dunyo”, “Asl xazina”, “Otabek va Kumushbibi”, “Zamon Avloniysi” singari spektakllari chuqur tarbiyaviy ahamiyatga ega. Shuningdek, muxlislar ko‘nglidan joy olgan “Muhabbat navolari”, “Yoshlik sog‘inchi”, “Siz sog‘ingan qo‘shiqlar”, “Kulgu va shodlik kechasi” nomli musiqali kompozitsiyalar teatr aktyorlarining yuksak xonandalik salohiyatini, iste’dodini namoyish etishi bilan ahamiyatli.
Zero, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 22 noyabr kuni madaniyat va san’at sohasini rivojlantirish, xususan, teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlashga oid takliflar taqdimotida ham, undan avvalroq ham Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatriga “akademik” maqomini berish taklifini bir necha bor ilgari surgani zamirida san’atga, uning mashaqqatli, zahmatli yo‘liga kirgan fidoyi insonlarga cheksiz ehtirom mujassamdir.
Poytaxtimizning mehnat jamoalari vakillari e’tiboriga havola etilgan “Osmon hamma gapni eshitadi!” musiqali drama spektakli tomoshabinni goh yig‘latsa, gohi kuldiradi, muammolarni beayov fosh etadi. Qat’iyat, ishonch, umid insonga qanot bag‘ishlashini tomoshabinga anglatadi.
Ushbu musiqali drama spektaklining sahnalashtiruvchi rejissyori – Doston Haqberdiyev. Sahnalashtiruvchi dirijyor – Akmal To‘rayev.
Spektakl uchun musiqani iste’dodli kompozitor, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi Oydin Abdullayeva yaratgan.
Bu kabi sahna asarlari bugungi kunda insoniyat uchun g‘oyat dolzarb bo‘lgan tinchlikni, tabiatni, inson qadrini asrab-avaylashga chorlashi bilan ahamiyatli.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri