O‘skan bobo 100 yosh bilan yuzlashdi
Sirdaryo viloyatida ham Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari safi yildan yilga kamaymoqda. Bugungi kunda viloyatda atigi uch nafar faxriy istiqomat qilmoqda.
Boyovut tumanidagi Usmon Yusupov mahallasida yashovchi O‘skan bobo Hojimanov ana shu faxriylardan biridir. Otaxon muborak 100 yoshni qarshiladi. Mahalladagi “Fayz” to‘yxonasi Sirdaryo viloyati va tuman rahbarlari, mahalla faollari, nuroniylar vakillari, otaxonning qarindosh-urug‘lari, qo‘ni-qo‘shnilari bilan gavjum bo‘ldi.
Tadbirni “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi rahbari O‘tbosar Abdiyev kirish so‘zi bilan ochdi. Shundan so‘ng viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyevning urush faxriysiga yo‘llagan tabrik xatini hokim o‘rinbosari Erkin Mo‘minov o‘qib berdi va esdalik sovg‘asini topshirdi. Viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Bahodir Begiboyev, Boyovut tumani hokimi, Dilfuza O‘rolova va boshqalar ham otaxonni muborak yuz yoshligi bilan tabrikladi.

O‘skan bobo Hojimanov 1943 yilda frontga otlanib, Moskva ostonalaridan Kenigsberg shahrini ozod qilishgacha bo‘lgan janggohlarni bosib o‘tdi. Oder daryosini kechib o‘tishda mardlik namunasini ko‘rsatdi. Urushning oxiri ko‘rinib qolganda yaralandi. Yaraslavl oblastining Ribinsk gospitalida bir yarim yil davolandi. 1950 yil Zomin tumanidagi ona qishlog‘i Achchiga kirib keldi. 28 yil xo‘jalikda shofyorlik qildi. Turmush o‘rtog‘i Novvotoy momo bilan 10 nafar farzandni voyaga yetkazib, elga qo‘shdi. Faxriyning bir asrlik yubileyiga chevaralari Diyorbek, Azizbek va Imronbekning sunnat to‘ylari ham qo‘shildi.

– Men uchun bugungi kun asrga tatigulik bo‘ldi, desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi O‘skan bobo Hojimanov. – Allohning inoyati tufayli yuz yosh bilan yuzlashib turibman. Farzandlarim, kelinlarim, nabira-chevaralarimning qurshovidaman. Muhtaram Prezidentimizga rahmat, biz, nuroniylarning keksalik gashtini surishimizga barcha shart-sharoitlarni yaratib berdi. Mas’ullar har doim holimdan xabar olib turishadi.

Bugun O‘skan boboning ko‘ngli tog‘ qadar o‘sdi. Mahalladoshlar, qarindosh-urug‘larning ko‘ngil ko‘taruvchi so‘zlari, sovg‘a-salomlari otaxonni yashartirib yubordi.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA muxbiri.